Oʻzbekiston Huquq ustuvorligi indeksida 140 davlat orasida 78-oʻrinni egalladi
Illyustrativ foto
Jahon odil sudlov loyihasi “World Justice Project” (WJP) 2022-yil uchun Huquq ustuvorligi indeksi natijalarini eʼlon qildi.
Unda dunyoning 140 ta davlatidagi huquq ustuvorligi baholangan. Oʻzbekiston maksimal 1 balldan 0,5 ball toʻplab, dunyoning 140 ta davlati orasida 78-oʻrinni egalladi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan yetti pogʻona yuqori (85-oʻrin) natijadir. WJP reytingiga koʻra, sakkizta baholash mezonidan oltitasida mamlakatimiz koʻrsatkichlarining yaxshilanishi kuzatilmoqda:
- hukumat vakolatlarining cheklanganligi (114-oʻrin, 7 bandga);
- huquqni muhofaza qilish organlari (99-oʻrin, 6 bandga);
- korrupsiyaning yoʻqligi (66-oʻrin, 4 bandga);
- fuqarolik sudlovi (75-oʻrin, 3 bandga);
- jinoiy odil sudlov (65-oʻrin, 2 bandga);
- asosiy huquqlarni himoya qilish (107-oʻrin, 2 bandga) yaxshilangan.
Shu bilan birga, “tartib va xavfsizlik” mezoni boʻyicha Oʻzbekiston 1 balldan 0,9 ball oldi, bu esa jahon oʻrtacha koʻrsatkichidan (0,72) yuqoridir. Bu mezon boʻyicha mamlakatimiz 16-oʻrinni band etib, MDH davlatlari orasida ham yetakchi boʻldi, shuningdek, AQSH va Germaniya, Niderlandiya, Belgiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarini ortda qoldirdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston 2015-yildan 2022-yilgacha boʻlgan davrda Qozogʻiston, Ispaniya, Daniya, Estoniya va Argentina kabi davlatlar qatorida koʻrsatkichlar boʻyicha (4,1 foizdan ortiq) eng katta yaxshilanishni qayd etdi.
Shuni taʼkidlash kerakki, WJP maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida Indeks tadqiqotlari qamrab olingan mamlakatlarning 61 foizida (82 ta davlatda) koʻrsatkichlar yomonlashgan. Bunday holat dunyoning barcha mintaqalarida kuzatilgan.
Eslatib oʻtamiz, “Jahon odil sudlov” 2006-yilda Amerika advokatlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. 2009-yilda xalqaro mustaqil maqomga ega boʻlgan notijorat tashkilotdir. U dunyo mamlakatlarida qonun ustuvorligi aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib boradi. “Huquq ustuvorligi indeksi” (“Rule of Law Index”) natijalari aholi va ekspertlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov hamda qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha davlat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash asosida shakllantiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring