Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib bormoqda
Oʻzbekiston Germaniyani oʻzining ishonchli va strategik hamkori sifatida qabul qiladi. Mamlakatlarimizni chuqur tarixiy ildizlar bogʻlab turadi. Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotir.
Buni ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi 5 yil ichida ikki baravar oshganligida koʻrish mumkin. Birgina 2022-yil yakuniga koʻra, ikki tomonlama savdo koʻrsatkichlari yana 50 foizga koʻpaydi va birinchi marta 1 milliard yevrodan oshdi.
Sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasida ham izchil dinamika kuzatilmoqda. Oʻzbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni bir necha yil ichida qariyb 3 barobar koʻpayib, 200 tadan oshdi. 2017-yildan beri oʻzlashtirilgan nemis investitsiyalarining umumiy miqdori 11 barobar oʻsgan va bugungi kunda 4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etmoqda.
Germaniyaning MAN, CLAAS, Knauf, GP Papenburg, Viessmann, Deutsche Kabel, LEMKEN kabi koʻplab kompaniyalari Oʻzbekistonda faol va muvaffaqiyatli biznes yuritib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirmoqda.
Berlin shahrida 2-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi arafasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Germaniya biznes forum ham ushbu fikrlarimizni yaqqol tasdigʻidir.
Forumda Germaniya ishbilarmon doiralarining eʼtibori mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay mehnat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, Oʻzbekiston iqtisodiyotining kuchli tomonlariga qaratildi.
Energetika, kimyo, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, shuningdek, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash sohalari uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida taklif etildi.
Germaniya biznesi vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasini, jumladan, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilganini yuqori baholadi. Hamkorlikni oshirish, yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga qatʼiy niyatlari borligi bildirildi.
Biznes-forum Oʻzbekiston va Germaniya vazirlik, idoralari, yetakchi kompaniyalari rahbarlari oʻrtasida “G2B” muzokaralari hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi aniq misollar va loyihalar taqdimoti bilan davom etdi.
Mubolagʻasiz aytish mumkinki, forum yakunlari boʻyicha qator sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgani shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichini boshlab beradi.
Ushbu tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar esa ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlar koʻlamlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, Prezidentimizning ushbu mamlakatga tashrifi tom maʼnoda tarixiy voqea boʻldi. Bularning barchasi Oʻzbekiston manfaati, xalqimiz farovonligi uchun mustahkam zamin yaratdi. Shu jihatdan, oʻzaro munosabatlardagi tarixiy voqea boʻlgan mazkur tashrif milliy manfaatlarimizga uygʻun ravishda ikki tomonlama hamkorlikni yangi pogʻonaga koʻtarishiga aminman.
Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring