O‘zbekiston — Yevropa ittifoqi: Manfaatli aloqalarning mustahkam asosi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yevropa ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Kengashi ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mehmonlarga mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, O‘zbekistonning yangi faol tashqi siyosati, mamlakat milliy manfaatlarini xalqaro hamjamiyatda ilgari surishda parlamentning rolini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mazkur ishchi guruh Yevropa ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama hamda mintaqalararo barcha jabhasini ko‘rib chiqishga mas’ul bo‘lgan ekspertlik organi hisoblanadi.
Delegatsiya a’zolari mamlakatimizda parlament quyi palatasi, Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Tashqi ishlar, Adliya, Tashqi savdo, Iqtisodiyot vazirliklarida, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida muzokaralar o‘tkazdi.
— Ishchi guruhning maqsadi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishish, siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi mintaqaviy siyosat yuzasidan fikr almashishdir, — deydi ishchi guruh raisi Yutta Edtxofer. — Biz turli davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan muloqot o‘tkazdik, Buxoro viloyatiga borib, mahalliy hokimlik vakillari bilan fikr almashdik. Hozirgi kunda Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi ishlab chiqilayapti. Ayni paytda ushbu hujjatning loyihasi bo‘yicha muhokamalar boshlab yuborilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning aniq yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha batafsil fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yangi istiqbol hamda imkoniyatlar eshigini ochadi.
YeI delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasidagi jadal o‘zgarishlarga, shuningdek, aholi turmush farovonligini yaxshilash va mamlakatning xalqaro imidjini -mustahkamlashga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berdi.
Qobil XIDIROV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring