Oʻzbekiston elchixonasi “World Leisure Awards 2023 — WLA 2023” mukofotiga sazovor boʻldi
Oʻzbekiston elchixonasi Xitoy poytaxtida boʻlib oʻtgan 2023-yilgi butunjahon “World Leisure Awards 2023 - WLA 2023” mukofotiga sazovor boʻldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Pekin shahri Pingu tumani hukumati, Xitoyning 24 ta yetakchi sayyohlik kompaniya va agentliklari, 10 dan ziyod OAV hamda 20 ga yaqin chet el diplomatiya vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda global turizm bozorining 2023-yildagi holati, uning istiqbollari, kelajakdagi tendensiyalari borasida axborot almashilib, soha ekspertlarining tahliliy fikr va mulohazalari tinglandi.
Shuningdek, turizm sohasi rivoji xususan, yangi marshrutlar, yuqori xizmat koʻrsatuvchi qulayliklarga ega mehmonxonalar, dam olish maskanlarini tashkil etish, xalqaro aviaqatnov va kruiz kemalari harakatini yoʻlga qoʻyish, sayyohlar uchun qulay raqamli toʻlovlar ochishda qoʻshayotgan hissalari uchun bir qator sayyohlik kompaniyalar va elchixonalarga mukofotlar taqdim etildi.
Oʻzbekiston elchixonasi ham Xitoyda mamlakatimizning boy madaniyati va sayyohlik salohiyatini xususan, turizmning barcha turlari boʻyicha yurtimizga tashrif buyurayotgan xitoyliklar orasidagi faol targʻibot ishlari hamda Oʻzbekiston xorijlik turistlar uchun eng xavfsiz mamlakatlardan biri deb topilgani uchun ushbu mukofotni qoʻlga kiritdi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston diplomatlari mehmonlarga mamlakatimizda soʻnggi yillarda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha soʻzlab berdilar.
Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro turizmni rivojlantirish va uni yangi bosqichlarga koʻtarish borasida ulkan imkoniyatlarga ega ekanligi qayd etilib, yurtimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizning salohiyati alohida taʼkidlandi.
Shu bilan birga, 2021-yilning 1-martidan boshlab Oʻzbekistonda xitoyliklar uchun 10 kungacha vizasiz boʻlish tizimi yaratilgani va ayni vaqtda Xitoyning Pekin, Sian, Urumchi, Chendu shaharlaridan Toshkent va Samarqand shaharlariga haftasiga 16-marta aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilganligi qayd etildi.
“WLA 2023” – “China Travel & Leisure Magazine” nashri tomonidan har yili turizm sanoati rivojida dunyoda yetakchilik qiladigan mamlakatlar va tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan mukofot hisoblanadi. Joriy yilda ushbu mukofotga sazovor boʻlganlar soni jami 172 taga yetdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring