Oʻzbekiston delegatsiyasi Shanxay hamkorlik tashkiloti oliy audit organlari rahbarlarining yigʻilishida ishtirok etdi

11:11 11 Fevral 2023 Siyosat
2366 0

Oʻzbekiston Hisob palatasi maʼlumotiga koʻra, tadbirda SHHTga aʼzo mamlakatlar oliy audit muassasalari, jumladan, mamlakatimiz Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Bahodir Turobov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Hindiston raisligida tashkil qilingan navbatdagi koʻp tomonlama uchrashuv yangi texnologiyalarning audit jarayoniga integratsiyalashuvi mavzusiga bagʻishlandi. Tadbir doirasida ekspertlar ishtirokida “sunʼiy aql” va “kiberxavfsizlik” yoʻnalishlarida muhokamalar tashkil etildi.

Bahodir Turobov yigʻilishda Oʻzbekistonning audit jarayoniga yangi texnologiyalarni tatbiq etish sohasida toʻplagan tajribasi haqida maʼlumot taqdim etdi. Mamlakatimiz Hisob palatasi faoliyati, xususan, palata zimmasiga davlatimiz rahbari tomonidan axborot texnologiyalarini audit jarayonlariga keng tatbiq etish boʻyicha yuklatilgan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratildi. Barcha nazorat organlari tomonidan oʻtkaziladigan davlat auditi tadbirlarini muvofiqlashtiruvchi “Davlat auditi” dasturi hamda turli idoralarning axborot bazalaridan maʼlumot olgan holda masofaviy nazoratni amalga oshiruvchi “Kameral nazorat” dasturi haqida soʻz yuritildi.

Ushbu innovatsion yondashuvlar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Oʻzbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi Xitoy, Rossiya, Hindiston va Qozogʻiston oliy audit organlari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Muloqotlar chogʻida hamkorlik istiqbollari, ikki tomonlama va xalqaro tashkilotlar doirasida tajriba almashish, soha mutaxassislarining malakasini oshirish va boshqa masalalar muhokama qilinib, oʻzaro kelishuvlarga erishildi.

Yigʻilish yakunida SHHTga aʼzo mamlakatlar oliy audit organlarining 2023-2024-yillardagi hamkorligi doirasidagi Harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Maʼlumot uchun, SHHTga aʼzo mamlakatlarning oliy audit organlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari 2010-yildan buyon tashkil qilinadi. Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi davlat sektori auditi sohasida axborot almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari davlat auditi boʻyicha bilim va tajriba almashish, qoʻshma seminar va oʻquv kurslarini tashkil qilish, davlat auditi sohasida yangi professional standartlarni ilgari surishdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер