Oʻzbekiston bolalari rasmlari Tokiodagi “Sanʼat - chegara oshib” koʻrgazmasida namoyish qilinmoqda
Koʻrgazmada 22 ta mamlakatdan yuborilgan 490 ta sanʼat asari namoyish qilinmoqda. Oʻzbekiston burchagidan Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari oʻquvchilari tomonidan chizilgan 60 ga yaqin rasmlar oʻrin oldi. Rasmlarda bolajonlarimiz ona zaminimizning goʻzal tabiati, madaniy merosi, milliy liboslari, shuningdek, mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylari tasvirlagan.
Rasmlar koʻrgazmasining ochilish marosimida elchixona vakillari ishtirok etib, tashkilotchilarga koʻp yillardan buyon Yaponiyaning markaziy sanʼat saroylaridan birida Oʻzbekiston bolalarining rasmlarini namoyish etish orqali mamlakatimizning madaniyati va urf-odatlarini yapon hamjamiyatiga keng namoyish qilish imkoniyati yaratib berilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Koʻrgazma tashkilotchisi - taniqli yapon rassomi Toxun Kobayashi Oʻzbekiston bolalarining ijodiy mashqlarini eʼtirof etdi. “Tokioning markazida joylashgan Milliy sanʼat saroyida «Sanʼat - chegara oshib” nomli rasmlar koʻrgazmasi 26-yanvardan oʻz ishini boshladi. Ushbu yirik koʻrgazmada Oʻzbekistondan eng koʻp rasmlar namoyish qilinmoqda, - dedi u. – Koʻrgazma ishtirokchilari va mehmonlari oʻzbekistonlik bolalar tomonidan taqdim etilgan rasmlar yuqori mahorat bilan chizilganini taʼkidlamoqda. Ushbu rasmlar orqali oʻzbek xalqining bagʻrikengligi va yurtingiz madaniy merosi naqadar boy ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin.
Bu galgi tadbirda rasmlar bilan bir qatorda, oʻzbek milliy liboslari va hunarmandchilik mahsulotlari ham namoyish qilinayotgani tashrif buyuruvchilar orasida yurtingiz haqida chuqurroq tasavvurga ega boʻlish maqsadida Oʻzbekistonga safar qilish istagi orttirishiga imkon beradi, deb oʻylayman».
Koʻrgazma 6-fevralga qadar oʻz ishini davom ettiradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring