Oʻzbekiston BAAda oʻtkazilayotgan Xalqaro mudofaa sanoati koʻrgazmasida ishtirok etmoqda
Abu Dabida 16-Xalqaro mudofaa koʻrgazmasi (IDEX) hamda 7-Dengiz mudofaasi va xavfsizligi (NAVDEX) koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
1993-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan mazkur koʻrgazmalarda joriy yilda dunyoning 65 davlatidan 1350 dan ortiq kompaniyalar oʻz mahsulotlarini namoyish qilmoqda, 41 ta davlat esa alohida milliy pavilyon bilan ishtirok etmoqda.
Besh kun davom etadigan mazkur tadbirda Oʻzbekiston Mudofaa sanoati agentligi va uning tizimidagi tashkilotlar ilk bor Oʻzbekiston milliy stendi bilan qatnashmoqda. Milliy stend Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan ochiq va yopiq hududda tashkil etildi. Unda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan zirhli texnikalar, uchuvchisiz uchish moslamalari, harbiy yoʻnalishdagi toʻqimachilik mahsulotlari, harbiylar uchun maxsus texnik anjomlar va qurol-aslahalar namoyish etilmoqda.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Mudofaa sanoati agentligi direktori M.Ibodullayev Mongoliya mudofaa vaziri S.Gursed, Buyuk Britaniya mudofaa va xavfsizlik agentligi direktori M.Goldsak, Germaniyaning “Rheinmetall” kompaniyasi rahbariyati va boshqa kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring