Oʻzbekiston Afgʻoniston, Eron va Italiya bilan aviaqatnovlarni vaqtinchalik toʻxtatdi
Arxiv surat
Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonning Afgʻoniston, Eron va Italiyada boʻlib turgan yoki mazkur davlatlarga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga maʼlumotnoma bilan chiqdi.
COVID-19 koronavirusning Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakat Transport vazirligi Afgʻoniston Islom Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Italiya Respublikasi aviatsiya idoralari va kompaniyalarini 2020-yilning 1-mart kunidan boshlab mazkur davlatlar bilan aviaqatnovlarning vaqtinchalik toʻxtatilganligi toʻgʻrisida rasman xabardor qildi.
Bildirilishicha, Oʻzbekiston tomoni koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatning barqarorlashishi bilan mazkur mamlakatlar aviakompaniyalarining mavjud slotlari qayta tiklanishiga kafolat berilishini tasdiqladi.
Oʻzbekiston fuqarolariga Afgʻoniston, Eron va Italiyadagi holatning yaxshilanishiga qadar ushbu mamlakatlarga borishdan tiyilib turishlari tavsiya etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda TIV xorijda, jumladan koronavirus bilan ogʻrigan bemorlar aniqlangan davlatlar hududida boʻlib turgan mamlakatimiz fuqarolariga zarur holatlarda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtgan.
Avvalroq, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi koronavirus sababli Tokio va Rim shaharlariga ham parvozlarni vaqtinchalik toʻxtatgani xabar qilingandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring