Oʻzbekiston 2024-yilda 8-jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasiga mezbonlik qiladi

14:17 11 Oktyabr 2022 Dunyo
1002 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Misrning Qohira shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida ishtirok etdi.

Yigʻilishda Assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasiga aʼzolarni saylash va yoʻnalishlar boʻyicha guruhlarni shakllantirishga oid munozaralar oʻtkazildi.

Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi maslahatchisi etib saylandi va xalqaro tashkilotning doimiy aʼzosi sifatida ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasining navbatdagi 8-jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasini oʻtkazish uchun talabgor davlatlar sifatida Oʻzbekiston, Hindiston va Pokistonning taqdimotlari oʻrganib chiqildi. Yakunda ijro qoʻmitasi aʼzolari ushbu nufuzli tadbirni 2024-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishini yoqladi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Misr paxta arbitraji va sinovi bosh tashkiloti (CATGO) raisi Muhammad Xalil Xedr bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot natijasida tomonlar “CATGO” va Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “SIFAT” paxta tolasini sertifikatlash markazi oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish, tajriba almashish boʻyicha onlayn muzokaralar tashkil etish, oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun “CATGO” oʻquv kurslarida taʼlim olish uchun grant ajratish boʻyicha kelishuvlarga erishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер