«Oʻzbekekspertiza» AJ ham monopol tashkilotmi?
Mahsulotlar eksportini amalga oshirish uchun avvalo mahsulotning kelib chiqish sertifikati talab etiladi. Bu sertifikat ixtiyoriy deb belgilangan boʻlsa-da, amalda har bir xorijiy xaridor tomonidan talab etiladigan sertifikat hisoblanadi. Mahsulotning kelib chiqish sertifikati uni aynan qayerda ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13 dekabrdagi “Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 994-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, mazkur faoliyat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yoki u tomonidan vakolat berilgan vakolatli organ, shuningdek eksport qiluvchi/ariza beruvchining ariza-deklaratsiyasi asosida sertifikat berish Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
Lekin amalda sohada faoliyat yuritayotgan vakolatli organ faqatgina «Oʻzbekekspertiza» AJ hisoblanadi. Boshqa hech bir tadbirkorlik subyekti esa sohaga aralasha olmaydi. Holbuki, yuridik jihatdan «Oʻzbekekspertiza» AJ ham davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiga kirmagan (lekin davlat ulushi 51%) tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Boshqacha aytganda, sertifikatlash xizmatini koʻrsatish vakolati faqatgina bir tijorat tashkiloti qoʻliga berilib, yana bir sunʼiy monopoliya yaratilgandek tuyulmoqda (kim biladi bunday kichik monopol korxonalar yana qancha ekan??). Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga zid keladi.
Shunday ekan, nega tovarlarning kelib chiqish sertifikatini berish boʻyicha vakolatli organ tadbirkorlik subyekti boʻlsa, nega boshqa tadbirkorlik subyektlari bu faoliyat bilan shugʻullanmaydi? Nega vakolatli organ maqomini berish, bu uchun qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida hech qanday yoʻriqnoma yoʻq?
Yechim esa oddiy. Vazirlar Mahkamasining 994-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga oʻzgartirish kiritish va unda tovarlarga kelib chiqish sertifikatini berish vakolatini berish tartibini (akkreditatsiya, litsenziya, ruxsatnoma ) hamda bu faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar usidan nazorat mexanizmini ishlab chiqish talab etiladi.
Sertifikatlash xizmatini koʻrsatish vakolatini zarur talablarga javob beradigan boshqa tadbirkorlik subyektlariga taqdim etish nafaqat sunʼiy yaratilgan monopoliyaga barham beradi hamda raqobat muhitini yaratadi, balki koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, hujjatlarni rasmiylashtirish muddatini qisqartirish orqali eksport jarayonini yengillashtirishga va bilvosita mamlakat eksport hajmini oʻsishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, bugungi kunda eksport qilinayotgan mahsulotlarga kelib chiqish sertifikatini olishda tadbirkorlik subyektlari duch kelayotgan maishiy korrupsiyaga chek qoʻyadi.
Bu masala boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarimizni Oʻzbekiston Liberal Demokratik partiyasi nomidan Hukumatga koʻrib chiqish uchun yuborish maqsadida fraksiya muhokamasiga taqdim etish rejalashtirilmoqda.
Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring