O‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi ramzi

30 aprel kuni poytaxtimizdagi “Ashxobod sayilgohi” aholi uchun xizmat ko‘rsata boshladi.
Mazkur sayilgoh o‘zining ko‘rkam qiyofasi, teran mazmuni bilan o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik ramziga aylandi. Bu yerdagi har bir ob’ektda ikki xalqning milliy an’ana va qadriyatlari, ezgu tutumlari timsolini ko‘rish mumkin.
Bog‘ga kiraverishda turkman xalqi uchun g‘urur ramzi — axalteki otlari haykallaridan iborat yaxlit kompozitsiya bunyod etilgan. Yo‘lak bo‘ylab yurar ekansiz, biri-biridan ajib favvoralarga ko‘zingiz tushadi. Dam oluvchilar uchun xush salqinlik hosil qilgan har bir favvora o‘ziga xos shakl va mazmunga ega. Masalan, “Osmon va zamin” deb nomlangan favvora butun insoniyatga xos bo‘lgan azaliy hikmatlar haqida so‘zlayotgandek.

Sayilgohning yana bir e’tiborli tomoni Ashxobod xalqaro aeroporti timsolida barpo qilingan 450 o‘ringa mo‘ljallangan amfiteatrdir. U turli ko‘ngilochar tomoshalar, bayramlar, shoular uchun mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlangan.
Bog‘ni ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ishlarga alohida to‘xtalish joiz: bu yerga ekilgan qarag‘ay, qrim qarag‘ayi, hind sireni, eman, kashtan, magnoliya, arizona kiparisi, salviya, moviy archalar atrofga tarovat baxsh etib turibdi. Yashnab turgan maysalar, chiroy ochgan turfarang gullar kishiga bahoriy kayfiyat ulashadi.

Ochiq tipdagi o‘yin attraksionlari, nuroniylar maskani, bejirim o‘rindiqlar, telefonlarni quvvatlantirish va bepul Wi-Fi zonasi, umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish shaxobchalari aholining mazmunli dam olishi uchun qulay sharoit yaratgan.

— O‘zbekistonda barcha millat va elatlar qatori biz, turkmanlarning yashashi, ishlashi, dam olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun qanday sharoitlar zarur bo‘lsa, hammasi muhayyo qilingan, — deydi Bibisora Avezturdiyeva. — Poytaxtimizda “Ashxobod sayilgohi”ning ochilishi esa ko‘nglimizni yanada ko‘tarib yubordi. Bu sayilgoh tarixi tutash, tutimi o‘xshash ikki halqni yanada jipslashtiradi, ular o‘rtasidagi birdamlikni, mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring