Oʻzbek va hind tadbirkorlarining uchrashuvi

03:39 19 Mart 2022 Jamiyat
1011 0

Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan “Bixar: amaliy uchrashuv” mavzuida tadbir tashkil etildi. Unda oʻzbekistonlik va hindistonlik tadbirkorlar, diplomatlar ishtirok etdi.

Uchrashuv Hindistonning yirik shtatlaridan biri, maʼrifat markazi deb yuritiladigan Bixar kuni munosabati bilan oʻtkazildi. Bixar shtati har yili 22-martni oʻzining tashkil etilgan sanasi sifatida nishonlaydi. Chunki 1912-yilning ayni kunida Bixar zamonaviy maʼmuriy birligiga asos solingan. Ammo Bixar 2500-yildan koʻproq tarixga ega.

Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Manish Prabxatning aytishicha, V asrdan XII asrgacha boʻlgan davrni qamrab olgan oʻrta asrlarda Bixar maorif markazi sifatida eʼtirof etilgan. Bu yerda mashhur Naland Universiteti joylashgan edi. Boburiylar hokimiyat tepasida boʻlgan kezlarda Bixar Agra va Dehlidan boshqarilgan sulolaning bir qismiga aylandi. Britaniya mustamlakachilik boshqaruvi paytida Bixar Bengaliya prezidentligi tarkibiga kiritildi.

1917-yilda Bixarning Champaran deb nomlangan joyida Maxatma Gandi Britaniya boshqaruvi va uning adolatsizligiga qarshi tinch norozilik chiqishlarini, dastlabki nutqlarini irod etgan. Mustaqil Hindistonning birinchi prezidenti Rajendra Prasad ham asli Bixardan.

Bugungi kunda shtat 128 millionli aholiga ega boʻlib, mehnatga layoqatlilarning 80 foizga yaqini qishloq xoʻjaligida band. Bixar hukumati shtatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash uchun qator maqsadli siyosiy choralarni koʻrmoqda, sanoatni rivojlantirish va eksportni oshirish uchun investitsiyalar qidirmoqda. Bixar sabzavotlar yetishtirish boʻyicha Hinldistonda toʻrtinchi va meva mahsulotlari yetishtirish boʻyicha sakkizinchi shtat sanaladi. Shtat yuqori qishloq xoʻjaligiga asoslangan hududgina emas. Oziq-ovqat sanoati, sut mahsulotlari, shakar, qayta ishlash sanoati va sogʻliqni saqlash shtatdagi eng tez oʻsayotgan tarmoqlardan biri. Davlat taʼlim va turizm kabi tarmoqlarni ham rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bixar shtati hukumati axborot texnologiyalari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida imtiyozlarni ilgari surayapti. Bixar Hindistonda ipak ishlab chiqarishning yetakchi markazlaridan biri hamdir.

Oʻtkazilgan tadbirda Hindistonning shu va boshqa shtatlari hamda Oʻzbekiston tadbirkorlari oʻrtasidagi manfaatli hamkorlik koʻlamini kengaytirish haqida soʻz bordi. Ikki mamlakat tadbirkorlari savdo, sarmoyalar, turizm va madaniyat sohalarida hamkorlik loyihalarini muhokama qildilar. Zero, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 400 nafardan ziyod hindlar diasporasi oʻz sarmoyalari bilan iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda.

Shu kunlarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori Chandra Shekxar amaliy uchrashuvda qayd etganidek, ikki mamlakat xalqlari oʻrtasida asrlar davomida shakllangan va umumiy tarix, madaniyat, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan strategik sheriklik aloqasi soʻnggi davrda misli koʻrilmagan darajada faollashib borayotir. Hind madaniyat markazi bu aloqalarga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Shu yilning 20-mart kuni markazda Navroʻz va Holi bayramini nishonlash koʻzda tutilgan. Bu ham xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер