Ozarbayjon kasaba uyushmalari delegatsiyasi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashdi

18:12 25 Sentyabr 2023 Siyosat
505 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi raisi Sattor Mexbaliyev rahbarligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi muntazam oʻzaro tashriflari, muloqotlari natijasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarilgani, buning natijasida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona hamkorlik ikki davlat taraqqiyotini taʼminlash va xalqlarimiz farovonligini oshirishga salmoqli hissa qoʻshayotganini alohida taʼkidladi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi nafaqat mamlakat miqyosida, balki Xalqaro kasaba uyushmalari harakatida ham alohida oʻringa va nufuzga ega. Ikki mamlakat kasaba uyushmalari mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish kabi yoʻnalishlarda davlat hamda ish beruvchilar bilan ijtimoiy hamkorlikda tizimli ishlarni olib bormoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari qarori asosida Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etilgani ham qayd etib oʻtildi.

Oʻz navbatida, Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi raisi Sattor Mexbaliyev hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollariga toʻxtaldi. Sohada oʻzaro tajriba almashish borasidagi fikrlarini bayon etdi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Unda tomonlar oʻzaro tenglik va hurmat prinsiplari asosida kasaba uyushmalari aʼzolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquq hamda manfaatlarini munosib himoya qilish borasidagi aloqalarni mustahkamlashni hamkorlikning asosiy yoʻnalishi sifatida qayd etdilar.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining qaroriga asosan, ikki qardosh xalqlar kasaba uyushmalari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi raisi Sattor Mexbaliyev “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” unvoni bilan taqdirlandi.

Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi delegatsiyasi Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlariga ham tashrif buyurdi. Xususan, Mirobod tumanidagi Haydar Aliyev monumenti poyiga gulchambar qoʻyildi hamda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” majmuasi bilan tanishildi.

Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Ozarbayjon kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi raisi Sattor Mexbaliyevga Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasining faxriy professori unvoni berildi.

Ozarbayjonlik mehmonlar shuningdek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari saroyini borib koʻrdi. Tanishuv jarayonida ular oʻzbek sanʼatining asoschilari va namoyondalari, ularning hayoti hamda ijodi toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishtirildi.

Rahim ShERQULOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер