Ozarbayjonda Eron droni hujumidan ikki kishi jarohatlandi
Avvalroq Eron hududidan Ozarbayjon tarkibidagi Naxchivan Muxtor Respublikasiga dron hujumlari amalga oshirilgani haqida xabar berilgan edi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mazkur hodisani keskin qoralab, bayonot berdi.
Unda Eron tomonidan qisqa muddat ichida holatga aniqlik kiritilishi, izoh berilishi hamda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur choralar koʻrilishi talab qilingan. Bundan tashqari, Eronning Ozarbayjondagi elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. U yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va diplomatga tegishli norozilik notasi topshirilgan.
“Ozarbayjon tomoni oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻrish huquqini saqlab qoladi”, deyiladi rasmiy hujjatda.
Shuningdek, Eron hududidan amalga oshirilgan ushbu dron hujumlari qatʼiyan qoralanishi, bunday harakatlar xalqaro huquq normalariga zid ekani va mintaqada keskinlikni kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlangan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Eron dronlaridan biri Naxchivan aeroporti terminali binosi yaqiniga, yana biri esa Shaqarabad qishlogʻidagi maktab atrofiga kelib urilgan. Hodisa oqibatida aeroport binosiga zarar yetgan va ikki nafar fuqaro yengil jarohat olgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring