Ozarbayjon bilan hamkorlikda filmlar yaratilishi mumkin
Xabaringiz bor, shu kunlarda Ozarboyjonda “Oʻzbek kinosi kunlari” haftaligi boʻlib oʻtmoqda. Kuni kecha Ozarbayjonning Nizomiy nomidagi kino markazida haftalikka bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Anjumanda Ozarboyjon Madaniyat va turizm vazirligi Kinemotografiya boʻlimining katta maslahatchisi Almaz Sultonzoda, Oʻzbekiston Madaniyat agentligi bosh direktorining oʻrinbosari, Shuhrat Rizayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva, ssenariynavis Roza Merkinbayeva va boshqalar ishtirok etishdi.
Almaz Sultonzodaning aytishicha, Ozarbayjonda ikkinchi bor “Oʻzbek kino haftaligi“ oʻtkazilmoqda. “2010-yilda Oʻzbekistonda oʻzbek filmlari haftaligi boʻlib oʻtdi. Keyin oʻzbekistonlik ijodkor doʻstlarimiz bizning yurtimizga kelishdi. Bu yil biz ushbu anʼanani qayta tikladik va Oʻzbekistonda ikkinchi “Ozarbayjon filmlari haftaligi”ni tashkil etdik. Shu ishlarning davomi oʻlaroq bugun Ozarbayjonda “Oʻzbek kinosi haftaligi” boʻlib oʻtmoqda. A.Sultonzodaning soʻzlariga koʻra, haftalik doirasida filmlar Sheki, Gabala va Ismayilli shaharlarida namoyish etiladi va ozarbayjonlik tomoshabinlar yangi oʻzbek filmlari bilan tanishishlari mumkin.
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining oʻrinbosari Shuhrat Rizayev Oʻzbekistonda Ozarbayjon adabiyoti va madaniyatiga katta qiziqish bildirilishini taʼkidlab, “Bizda deyarli har oyda Ozarbayjon filmlari namoyish qilinadi. Ularning ichida “Ahmad qayerda?”, “Qaynona” kinolari juda sevimli. Rashid Behbudov bosh rolni oʻynagan “Arshin Mal Alan”ni-ku juda yaxshi koʻrishadi. Kelgusida munosabatlarimizni rivojlantirish va hamkorlikda filmlar yaratish haqida oʻylayapmiz. Ertaga bu borada yana uchrashuvlarimiz boʻlib oʻtadi”, – deya taʼkidladi Shuhrat Rizayev matbuot anjumanida.
Eslatib oʻtamiz, mazkur haftalik 24-noyabrga qadar davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring