Oʻz oilang bagʻrida yashashdan ulugʻroq baxt yoʻq
Foto: Arxiv surat
Hech bir inson yoʻldan adashmasin, xato qilmasin ekan. Men hayotda notoʻgʻri yoʻldan yurib, giyohvand moddalar savdosiga aralashib qoldim. Ana shu xatoyim ortidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning 273-moddasi, 5-qismi bilan 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edim.
Mamlakatimizdagi inson qadri ulugʻlangan adolatli siyosat tufayli men kabi hayotda adashgan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan boʻlsada, xatosini tushunib, chin koʻngildan pushaymon boʻlganlarga nisbatan davlatimiz rahbari tomonidan Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan afvga koʻra, muddatidan oldin jazodan ozod etilib, uyimga qaytdim.
Ozodlik, huzur-halovat eng oliy saodat ekan. Buni sim devor ortida oʻtgan shuncha vaqt orasida dildan his qildim. Oʻtgan davr mobaynida yoʻqotganlarim bisyor. Buni soʻz bilan aytish mushkul.
Oʻz oilang, yaqinlaring, tinch va farovon jamiyat bagʻrida yashashdan ulugʻroq neʼmat bormi dunyoda? Bugun quvonchim, hayajonimning cheki yoʻq. Bu menga, oila aʼzolarimga haqiqiy kutilmagan sovgʻa boʻldi. Buni yurtimizda inson qadri ulugʻlanayotganligining yorqin ifodasi deb bilaman va Prezidentimizga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Davlatimiz rahbari bergan imkoniyatdan foydalanib, bildirilgan ishonchni oqlayman. Bundan buyon boshimdan oʻtkazganlarimdan tegishli xulosa chiqargan holda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilaman.
Sherxon EGAMBERDIYEV,
Samarqand shahri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring