Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi

20:58 18 Mart 2026 Siyosat
331 0

Joriy yilning 18-mart kuni Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatda ov qilish va ovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ovchilik xoʻjaliklarida bioxilma-xillikni oshirish, ov turizmi infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini ish bilan taʼminlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun bilan ovchilik guvohnomalari va ov qilish uchun yoʻllanmalar berish tartibini takomillashtirish, yovvoyi hayvonlarni ovlash kvotalarini belgilash va taqsimlashning ilmiy asoslangan mexanizmlarini joriy etish, ov qilishni faqat belgilangan ovchilik xoʻjaliklari hududlarida hamda erkin ov qilish joylarida amalga oshirish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitda ovlash uchun erkin ov qilish joylari vakolatli davlat organi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

Qonunga muvofiq ovchilik xoʻjaliklariga pitomniklarda yetishtirilgan va tabiiy muhitga qoʻyib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga mutanosib ravishda, ularning urchish davridan tashqari vaqtlarda ov qilishni tashkil etish huquqi beriladi. Urchish davrlari esa Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti xulosasi asosida belgilanadi.

Shuningdek, ov qilish huquqini rasmiylashtiruvchi ovchilik yoʻllanmalari maxsus elektron dastur orqali berilishi joriy etilib, ovchilik xoʻjaliklarida mazkur hujjatlar xoʻjalik egalari tomonidan, erkin ov qilish joylarida esa vakolatli organ tomonidan taqdim etiladi.

Bundan tashqari, ovchilik xoʻjaliklarini yuritish uchun yer uchastkalarini ajratish elektron onlayn-auksion orqali amalga oshirilib, tegishli shartnomalar ijara muddatiga mos ravishda tuzilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qoʻmita majlisida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham suv resurslarini muhofaza qilish, ularda oqilona va samarali foydalanish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish, suvning aniq hisobini yuritish, qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash, yerlarni lazerli tekislash orqali suv sarfini kamaytirish, irrigatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish, ariq va kanallarni betonlashtirish hisobiga katta hajmda suv tejalib, uning isrof boʻlishi oldi olinmoqda.

Xususan, oʻtgan 2025-yilda 817,2 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinishi hisobiga 2,3 mlrd kub metr suv tejab qolingan. Soʻnggi 5-yilda esa 1,2 ming km kanallar va ulardagi 2,5 mingta gidrotexnika inshooti rekonstruksiya qilinib, 26 ta nasos stansiyasi toʻliq modernizatsiya qilinishi natijasida yiliga oʻrtacha 1 mlrd kub metr suv yoʻqotilishining oldi olinmoqda.

Qayd etilganidek, joriy yilda 503 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, 203 ming gektarda lazerli tekislash ishlari amalga oshirilishi hisobiga 2,5 mlrd kub metr suv tejalishi kutilmoqda.

Majlisda kelgusida sugʻorishda suvdan foydalanish koeffitsiyentini yanada oshirish, sohada suv tejovchi texnologiyalari qoʻllashni kengaytirish, kanallarni betonlashtirishni jadallashtirish, yer osti suvlari sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?