Otadan meros bino kutubxonaga aylantirildi
Foto: "Xalq so'zi"
Fransuz faylasufi va yozuvchisi Deni Didro “Odamlar kitob oʻqishdan toʻxtasalar, fikrlashdan ham toʻxtaydilar”, deya yozib qoldirgan. Faylasufning aytganicha bor. Odam kitob, gazeta, jurnal oʻqish orqali aqlini charxlaydi, tafakkurini boyitadi. Sogʻlom fikrlaydi. Aks holda manqurtga aylanib qolish hech gap emas.
Ana shularni hisobga olgan peshkulik kitobsevar, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi tolibi ilmi Shamshod Saidov oʻzi tugʻilib oʻsgan Kuyovxoʻja qishlogʻida kutubxona ochish tashabbusi bilan chiqdi. Buning uchun unga otameros qolgan bino asqatdi. Ustozlari, oila aʼzolari bilan maslahatlashgan holda shu binoni shaxsiy jamgʻarmasi hisobidan taʼmirladi. Kitob javonlariga buyurtma berdi. Kitobxonlar uchun zarur qulayliklar yaratdi.
Tuman markazidan 16 kilometr olisdagi bu qishloq kutubxonasida hozircha 500 dan ziyod badiiy, ilmiy, diniy va ommabop kitoblar bor. Ziyo maskani fondini saxovatpesha insonlar koʻmagi bilan boyitish moʻljallanyapti. Muhimi, kutubxona xizmatidan istalgan kishi bepul foydalanishi mumkin.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring