Ota-onalar MTM boshqaruvida ishtirok etadi
Mamlakatimiz tarixida ilk bor ota-onalar va jamoat tuzilmalari maktabgacha taʼlim muassasalari boshqaruvi boʻyicha vakolatga ega boʻldilar. Bu haqda MTMning kuzatuv kengashi haqidagi Nizom tasdiqlandi.
— Kuzatuv kengashlari bogʻchalar boshqaruvi tizimini tubdan oʻzgartiradi, — deydi Maktabgacha taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sanjar Obidov. — Agar ilgari mudiralar maktabgacha taʼlim hududiy boʻlimlari oldida hisob bergan boʻlsa, endilikda ular oʻz harakatlari uchun ota-onalar oldida javobgardir. Yangi Nizomga koʻra, mudiralar yakka tartibda qaror qabul qila olmaydilar va nopok rahbarlar mablagʻlarni oʻzboshimchalik bilan sarflash imkoniyatidan mahrum boʻladi. Moliyaviy qonunbuzarlik holati aniqlangan taqdirda Kuzatuv kengashi mudirani lavozimdan ozod etish masalasini koʻtarishi mumkin.
Endilikda Kuzatuv kengashi aʼzolari taklif etilgan nomzodlar orasidan mudirani saylaydi va uni lavozimidan ozod etish boʻyicha takliflar kiritadi. Moliyaviy holat haqida, jumladan, kirim va chiqim, byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hamda homiylar mablagʻlari boʻyicha hisobotlar qabul qiladi, muassasa xodimlari faoliyati boʻyicha soʻrovlar oʻtkazadi, boshqaruvga doir ustuvor masalalarni belgilaydi va ularning ijrosini nazorat qiladi.
Kuzatuv kengashiga aʼzolar umumiy yigʻilishda ota-onalar, pedagog va tarbiyachilar, MTM maʼmuriyati, jamoat birlashmalari (masalan, mahalla qoʻmitasi) vakili va homiylardan shakllantiriladi.
Kengashi yigʻilishi bir chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Nodavlat MTMlarida Kuzatuv kengashi tashkil etilishi tavsiyaviy xarakterga ega.
Ota-onalarning va keng jamoatchilikning oʻquv-tarbiya jarayonlariga jalb etilishi maktabgacha taʼlim muassasasi boshqaruvi mexanizmi shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring