Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 9-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va OIIB oʻrtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bank rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarni yuqori baholadi va OIIB Oʻzbekiston bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligiga ishontirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida Bank mablagʻlari hisobidan loyihalarni moliyalashtirish hajmi izchil oʻsib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar «Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oʻrtasidagi Qoʻshma deklaratsiya»ni imzoladilar, unda Oʻzbekiston va OIIB oʻrtasida 2023-2026-yillar uchun uch yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Dastur energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash sohalarida loyihalarni amalga oshirishni qamrab oladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring