Oʻsimliklar uchun eng qimmatli ozuqa
Foto: Xalq so‘zi
Yer toʻymasa, el boyimas, deydi koʻpni koʻrgan dono xalqimiz. Shu bois ham mirishkor-dehqon borki, moʻl hosil yetishtirish uchun, avvalo, yerni oziqlantirishga, unumdor qilishga intiladi.
Bugun yerni toʻyintirishda dehqonlarimiz turli oʻgʻitlar qatorida Kaliforniya chuvalchangini ham keng qoʻllayotgani maʼlum. Bu esa qishloq joylarda ayni shu turdagi chuvalchangni boqib, daromad topayotganlar safi kengayishiga sabab boʻlmoqda. Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi Tolibjon Qodirov ushbu imkoniyatdan foydalanayotgan yakka tadbirkorlardan.
— Kaliforniya chuvalchangining ichagida gumin kislotasi mavjud,-deydi Tolibjon Qodirov. — Natijada chuvalchanglardan olingan biogumus oʻsimliklar uchun eng qimmatli ozuqaga aylanadi. U yerning meliorativ xususiyatini yaxshilaydi va hosildorlikni 15 kunga tezlashtiradi. Eng muhimi, biogomus miqdoridan qatʼi nazar, oʻsimlikni kuydirib qoʻyish xususiyatiga ega emas. Shu bilan birga oʻsimlik tanlamaydi, har qanday hosildorlikni 15-20 foizga oshiradi.
T. Qodirov chuvalchang parvarishi bilan shugʻullana boshlaganiga atigi ikki yil boʻldi. Dastlab ishni boshlash uchun 250 AQSH dollari qiymatidagi chuvalchang keltirgan edi. Oʻtgan mavsumda 50 million soʻmlik biogumus sotishga erishdi. Hozirda yana 100 tonna mahsulotga buyurtma olgan.
Saminjon HUSANOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring