O’simliklar himoyasida yangicha yondashuv

Ma’lumki, “Qishloq xo’jalik o’simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoya qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning boshida birinchi o’qishda qabul qilingan edi. Ayni paytda mazkur qonun loyihasini ikkinchi o’qishga tayyorlash va maromiga etkazish bo’yicha keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda.
Aytish mumkinki, bugungi davr qishloq xo’jaligi ekinlari etishtirish agrotexnologiyasini tizimli rivojlantirishni taqozo etayapti. Sohaga doir amaldagi qonun va qonunosti hujjatlari esa bundan qariyb 20 yil avval ishlab chiqilgan bo’lib, o’rganishlarda uning normalari amaliyotda to’liq ishlamayotgani, havolaki normalar va bo’shliqlarning ko’pligi aniqlandi. Bu esa uni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini ko’rsatmoqda.
Qonun loyihasida kiritilayotgan printsipial yangiliklarga to’xtaladigan bo’lsak, o’ndan ortiq kontseptual masalalar qamrab olinayapti. Jumladan, taklif etilayotgan hujjatda faqatgina qishloq xo’jaligi o’simliklarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga oid chegaraviy normalar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, maxsus vakolatli organlar alohida berilayapti. Ayniqsa, jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo’jaligi o’simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoya qilish sohasidagi huquq va majburiyatlariga oid bir qator normalar belgilanayotgani Prezidentimizning 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo’jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarning qonuniy jihatdan mustahkamlanishida dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qonun loyihasining yana bir muhim jihatlaridan biri, unda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtiroki ifodalanayotganidir. Haqiqatan ham, bugungi kunda jamiyatimiz taraqqiyotida ularning izchil faoliyati alohida o’rin tutmoqda. Shunga muvofiq, mazkur hujjatda ushbu organlarning sohaga aloqador tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi, ko’maklashishi va tadbirlarda bevosita qatnashishiga oid normalar kiritilayotir. Shuningdek, unda qishloq xo’jaligi o’simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoya qilish sohasida fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishiga oid norma ko’zda tutilayotgani e’tiborga molik.
Ma’lumki, amaldagi qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyatlari belgilangan edi. Yangi tahrirda esa ularning huquqlari alohida kiritilmoqda. Bu esa mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash barobarida, fuqarolar manfaatlarining huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Qonun loyihasi tadbirkorlik sohasi rivojida ham afzalliklarga ega. Masalan, ro’yxatga kiritilgan kimyoviy vositalarni barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan tartib asosida respublikaga olib kirish, sotish va servis xizmatlari ko’rsatishiga erkinlik berilmoqda. Shuningdek, mahalliy korxonalar texnik shartlar asosida kimyoviy vositalarni erkin holda ishlab chiqarishi, realizatsiya qilishi hamda eksportga yo’naltirishi mumkin.
Hozirgi vaqtda qonun loyihasi har tomonlama qizg’in muhokama etilmoqda. Jumladan, uni ikkinchi o’qishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasi deputatlari hamda siyosiy partiyalar tomonidan, shuningdek, joylardan internet tarmog’i orqali ko’plab taklif va tavsiyalar bildirildi. Barcha hududda ushbu qonun loyihasini takomillashtirish bo’yicha mutaxassislar va amaliyotchilar ishtirokida davra suhbatlari va seminarlar tashkil qilinib, yuzga yaqin takliflar umumlashtirilgan holda ishchi guruhga taqdim etildi.
Taklif va tavsiyalar alohida o’rganib chiqilib, ularning ayrimlari inobatga olindi. Masalan, ishlab chiqarilgan yoki olib kelingan kimyoviy vositalarni ro’yxatga olish sinovlari natijalariga doir xulosani tayyorlash muddati olti oy emas, balki uch oygacha kamaytirish taklifi ijobiy qabul qilindi. Bu mazkur sohada faoliyat yurituvchi sub’ektlar, ayniqsa, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratishi, shubhasiz. Shuningdek, qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, mahsulotlarni realizatsiya qilish va javobgarlikka oid normalar ham bildirilgan takliflar asosida takomillashtirildi.
Umuman aytganda, mazkur hujjatning qabul qilinishi davlat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, o’simliklarni himoya qilish va agrokimyo xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, tizimdagi sub’ektlarning huquq hamda majburiyatlarini belgilash va shu orqali o’simliklarni himoya qilish sifatini yaxshilash, qonunni qo’llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Islomjon ZOKIROV,
O’zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo’jaligi masalalari qo’mitasi a’zosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring