Orolboʻyidagi saylov xorijiy kuzatuvchilar ishtirokida oʻtmoqda

13:10 27 Oktyabr 2024 Jamiyat
378 0

Gʻ.Otajonov/«Xalq soʻzi». Qoraqalpogʻiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari saylovlarini oʻtkazish uchun 654 saylov uchastkalari tashkil etilgan. Bugun soat 8:00dan barcha saylov uchastkalarida ovoz berish boshlandi.

– Saylovga tayyorgarlik koʻrish jarayonida mamlakatimiz milliy saylov tizimida ilk bor joriy etilgan “E-saylov” tizimi oʻzining qulayligini toʻla namoyon etdi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ziyuatdin Kamalov. – “E-saylov” interaktiv portalida saylovlarning ochiqligini taʼminlash va aholini saylovga oid maʼlumotlar bilan taʼminlash boʻyicha bir qator qulaylik yaratildi.

Saylov jarayonlarida xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarning ishtiroki va oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, aynan xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki saylovlarning ochiq va oshkora, demokratik tamoyillar asosida oʻtganini belgilaydi.

Qoraqalpogʻistonga bir necha uzoq muddatli xalqaro kuzatuvchilar kelib, hududlarda saylovga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatgan boʻlsa, bugun qisqa muddatli xalqaro kuzatuvchilar ham saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini kuzatib bormoqda.

Shu bilan birga xalqaro kuzatuvchilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga kelib, bu yerdagi jarayonlarni ham kuzatib bormoqda. Hozirgina Yaponiyadan kelgan xalqaro kuzatuvchi, Slavyan-Yevrosiyo tadqiqotlari markazi professori, Yaponiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari jamiyati prezidenti Uyama Tomoxiko tashrif buyurdi.

Maʼlumot uchun: Qoraqalpogʻistonda saylov jarayonlarini tashkil etish va bevosita oʻtkazishda 10 mingdan ortiq Saylov komissiyalari aʼzolari hamda 6 mingdan ortiq ishonchli vakillar ishtirok etmoqda. Bugungi saylovlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 4 nafar deputat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi 65 deputat, shahar va tuman Kengashlariga 375 nafar deputatlar saylanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер