Orolboʻyida bogʻdorchilikning innovatsion usullari hamda suv tejovchi texnologiyalar targʻib qilinmoqda
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) qishloq xoʻjaligidagi innovatsion tajribalarni Orolboʻyi aholisiga targʻib qilish maqsadidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda. Xususan, yaqinda Qoʻngʻirot tumanida Oʻzbekiston Agrar soha ayollari uyushmasi bilan hamkorlikda bogʻdorchilik va suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha treninglar tashkil etildi.
Oʻquv mashgʻulotlari BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik jamgʻarmasi va FAOning Orolboʻyi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining iqtisodiy muammolarini hal etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshma loyihasi doirasida uyushtirildi. Qoʻshma loyiha BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi.
Bogʻdorchilik boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarida degradatsiyaga uchragan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, yerlarning unumdorligini oshirish kabi masalalar koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, asosiy eʼtibor tomorqa yer maydonlarida shoʻrlangan tuproqlarga mos boʻlgan urugʻli mevali bogʻlarni tashkil etish va tomorqalardagi kichik hajmdagi issiqxonalarda sitrus mevalarni yetishtirish agrotexnologiyasiga qaratildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar bogʻlarni kimyoviy va biologik himoya qilish usullari, yetishtirilgan mahsulotlarni saralash, qadoqlash, saqlash texnologiyalarini oʻrganib, tomorqa yerlarida bogʻlar tashkil etishga davlat tomonidan beriladigan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.
Suvni tejovchi texnologiyalar boʻyicha treningda aholi shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarida tomchilab sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorish tizimini aholi tomorqalarida toʻgʻri ishlatish yoʻllari va suv resurslaridan oqilona foydalanishning boshqa masalalari kabi mavzular yoritildi.
Trening tashkilotchilari soʻzlariga koʻra, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va yoshlarni qishloq xoʻjaligiga jalb etish agrosanoat majmuasini yanada jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlashga hamda Orolboʻyi mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring