Orol dengizi boʻyida mobil aloqadan foydalanish imkoniyati yaratildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Gʻayrat OTAJONOV/«Xalq soʻzi». Soʻnggi yillarda Moʻynoq tumaniga, Orol dengizining suvi saqlanib qolgan qismiga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni koʻpaymoqda. Ularga transport, mehmonxona va boshqa yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash borasida yaqin yillarda tasavvur ham qilinmagan ishlar amalga oshirilmoqda.
Orol dengiziga borganlar yaxshi bilishadi shu paytgacha dengiz hududida mobil aloqasi boʻlmagan. Axborot asrida bu ham hududga tashrif buyuruvchilarga biroz noqulaylik tugʻdirayotgandi.
Shu bois Orol dengizi hududidagi mehmonxona yaqinida yangi stansiya qurilib, foydalanishga topshirilgani va endilikda mobil aloqasi boʻlishi haqida xushxabar tarqaldi. Biz, bu axborotga yanada oydinlik kiritish maqsadida oʻsha mehmonxona masʼullari bilan bogʻlanishga harakat qildik.
— Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida qariyb oʻn yildirki, Moʻynoq tumanida faoliyat koʻrsatib kelmoqdamiz, — deydi «VISHE KRISHI TASHKENT» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Saidali Rasulov. — Oʻtgan yil hududga tashrif buyuruvchi ichki va tashqi sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida Orol dengizining suvi saqlanib qolgan qismida «Aral Plaza» brendi ostida 96 oʻrinlik turistik dam olish maskanini qurdik.
Birinchi galda artezian quduq qazilib, 300 metr chuqurlikdan ichimlik suvi chiqarildi. Keyingi zarurat sayyohlar uchun ham shu yerda ishlarni amalga oshirish uchun ham elektr energiyasiga edi. Bu borada mamlakatimizda keyingi davrlarda katta ahamiyat qaratilayotgan «yashil» energetikaga murojaat qildik. Quyosh panellarini oʻrnatib, dam olish maskaniga kechasi ham yorugʻlik nuri taraldi.
Bugungi kungacha koʻp sonli sayyohlar dam olish maskanimizda boʻldi. Ularning ayrimlari oʻzlari xohlamay aynan mobil telefon va internet aloqasi yoʻqligi sababli dengiz boʻyidan ertaroq ketishga majbur boʻlganlarini koʻrganman.
Oʻtgan yilda Ucell kompaniyasining bosh direktori oʻzining jamoasi bilan dengizni tomosha qilish uchun tashrif buyurib, mehmonxonamizda boʻldi. Shunda kompaniya rahbari Orol dengizini yaxshi koʻrib qolganini va oʻzi kabi boshqalar ham mobil telefon va internet aloqasi boʻlganida bu maskandagi goʻzallikdan koʻproq bahramand boʻlishi haqida gapirdi. Keyin u bilan hududda aloqani tiklash uchun amalga oshiriladigan tadbirlar haqida maslahatlashdik, xullas, hududda mobil aloqasini tiklash borasidagi ishlar shu tariqa boshlangan edi. Kompaniya tomonidan 400 ming dollar investitsiya kiritilib, umuman dengiz boʻyiga 3 ta stansiya oʻrnatilgan.
Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tarixiy qarorlari asosida yuqorida keltirilganidek, oldin boʻlmagan, taʼbir joiz boʻlsa, xayolga kelmagan ishlar, mahalliy aholi va sayyohlar uchun sharoitlar yaratilmoqda.
Masalan, 2024-yil 9-fevraldagi «Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan hududga investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish kabi 15 ta yoʻnalish boʻyicha vazifalar belgilangan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan «Yoʻl xaritasi»ning 19-bandida mobil aloqa operatorlari bilan birgalikda turistlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Orol dengizi boʻyi hududi tezkor mobil internet bilan qamrab olinishini taʼminlash belgilangan.
Endilikda Orol dengizi suvi saqlanib qolgan hududining 25 kilometr masofadagi oraligʻida telefon va yaqin hududlarda internet aloqasi boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring