Oqsoqollar DXMga taklif etildi

10:55 03 Dekabr 2020 Jamiyat
812 0

Mahallalarda davlat xizmatlarini olish va foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish “Qarshi tajribasi”ning asosiy ustuvor maqsadlaridan biridir.

Shu maqsadda, Qarshi shahridagi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarini davlat xizmatlari markaziga taklif etilib, markaz orqali taqdim etilayotgan xizmatlar toʻgʻrisida, yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Bu kabi uchrashuvlarda xizmatlarni masofadan olish mumkinligini koʻrsatish, oʻrgatish va ommalashtirish nazarda tutilgan.

Bu safargi oʻziga xos ekskursiyada Qarshi shahar 3-sektor hududiga qarashli mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

— Avvalgi tartib boʻyicha yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani mahalla raislari yozib berar edi, — deydi Aralovul MFY raisi B.Turaboyev. — Hozir bu tartib bekor boʻlgan. Ammo yaqin-yaqingacha fuqarolar bizga murojaat qilganda “markaz”dan olasiz desak, ovora boʻlarkanmiz-da deyishar edi. Aslida bunday maʼlumotnomani uyidan chiqmagan holda olish imkoniyati borligi ortiqcha ovoragarchilikdan qutqarar ekan. Hozir deyarli hammada zamonaviy telefon apparati bor, internet aloqa bor. Bu uchrashuvdan juda koʻp zarur maʼlumotlar oldik, buni endi mahalladoshlarga albatta yetkazamiz.

Uchrashuvda ishtirok etgan mahalla faollari ham oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, “tushunmovchilik” boʻlib tuyulgan vaziyatlarga oydinlik kiritib olish imkoniga ega boʻlishdi.

Masalan, maktabgacha taʼlim muassasasiga berilgan yoʻllanma muddati, yoki yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma olish tartibi, yoʻlovchi tashish uchun litsenziya olish kabi xizmatlar haqida fuqarolarda koʻpincha tushunmovchilik uchrab turishi haqida mahalla raislari oʻz fikrlarini bildirishdi.

— Jamiyat shiddat bilan rivojlanmoqda. Biz mahalla oqsoqollari sifatida bu jarayondan ortda qolmasligimiz kerak, — deydi Yangi Turmush MFY raisasi O.Anorova. — Yoshim katta, internetni qayerdan bilaman, deb oʻtirsak koʻp narsadan qolib ketgan boʻlamiz. Mana, davlat xizmatlarini masofadan turib olishni, avvalo, biz oʻzimiz oʻrganib olsak, mahalladoshlarimizga ham oʻrgata olamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер