Oqqoʻrgʻondagi qardoshlik ramzi
Foto: Халқ сўзи
Toshkent viloyatida, statistik maʼlumotlarga koʻra, aholi milliy tarkibining 70 foizini oʻzbeklar tashkil qiladi. Shuningdek, tojik, rus, qozoq, qirgʻiz, tatar, ukrain, turk, ozarbayjon va turkmanlar ham bir oila farzandlaridek totuv va inoqlikda yashamoqda. Oʻzbekona lutf, qoʻni-qoʻshnichilik, quda-andachilik anʼanalari barcha qardoshlar oilasiga kirib borgan.
Ayniqsa, Yuqori Chirchiq, Boʻstonliq, Quyi Chirchiq, Chinoz, Ohangaron, Boʻka, Bekobod tumanlari va Angren, Olmaliq, Chirchiq shaharlari aholining etnik tarkibi turfaligi bilan ajralib turadi. Har bir mahalla va guzarlarda qardosh xalqlarning oʻz urf-odatlari, milliy anʼanalari doimo eʼzozu eʼtiborda. Ularning tili, madaniyati, tarixini oʻrgatuvchi taʼlim muassasalari, oʻnlab madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Birlik” mahalla fuqarolar yigʻinida ana shunday qardoshlik ramzi boʻlgan, zamonaviy koʻrinishga ega Madaniyat va yoshlar markazi binosi foydalanishga topshirildi.
— Mazkur markaz oʻtgan asrning 50 yillarida qurilgan boʻlib, taʼmirtalab holatda edi, — deydi Oqqoʻrgʻon tumani hokimi Farhod Omonov. — Bino tubdan qayta qurilib, koʻrkam bir holatga keltirildi. Hududimiz aholisi koʻp millatli oilalardan iborat. Barcha qardosh xalq vakillari oʻzaro ahillikda hayot kechirmoqda. Oʻz milliy urf-odatlari, diniy qadriyatlarini emin-erkin ado etishadi. Bir-birlari bilan quda-andachilik qilishadi. Toʻy-maʼrakalarda doimo yelkadosh. Ushbu Madaniyat markazi turli millat vakillaridan iborat 630 nafar yoshlarni qamrab oladi va buning uchun oʻndan oshiq yoʻnalishlarda toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu maskanga qatnovchi yoshlarimiz, eng avvalo, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus zamiridagi gʻoyalarni qunt bilan oʻrganishadi. Sanʼat va madaniyatning nozik jihatlarini oʻzlashtiradi. Shuningdek, bu yerda turkman, qozoq va koreys milliy madaniyat markazlari ham ish olib boradi.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring