Oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmati himoyasida yangi bosqich

13:44 12 Aprel 2023 Jamiyat
885 0

Keyingi yillarda taʼlim sohasida juda katta rivojlanishlar boʻldi. Oʻqituvchilarning qadr-qimmati, oylik maoshi oshib, maktablarning moddiy-texnika bazasi yaxshilandi. 

Xususan, bizning maktabimizda ham yaqinda “Tashabbusli byudjet” loyihasi sabab moddiy-texnika baza toʻliq yangilandi. Taʼlim berish, dars oʻtish, umuman, puxta bilim berishga oid shart-sharoitlar yanada yaxshilandi. 

Oʻqituvchilarning salohiyati, oʻquvchilarning esa oʻzlashtirish darajasi ham oʻsdi. Bularning barchasi davlatimiz rahbari rahnamoligida taʼlimga berilayotgan eʼtibor hamda bu borada yaratilayotgan imkoniyatlar sabab boʻlmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda yirik siyosiy jarayon — referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Taʼkidlash joizki, konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, “inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalda qaror toptirishga qaratilgani bilan gʻoyatda muhimdir.

Bu hali hammasi emas. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda oʻqituvchilarning shaʼni, qadr-qimmatini himoyalash davlat tomonidan belgilanayotir. Bu biz taʼlim tizimi vakillarini behad quvontirdi.

Jumladan, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning 50, 51 va 52-moddalari ushbu sohaga bagʻishlangan. Ularda taʼlim olish huquqi kafolatlanishi bilan bir qatorda, davlat hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishi bir xilda qoʻllab-quvvatlanishi mustahkamlanmoqda. Qolaversa, inklyuziv taʼlim-tarbiya atamasining konstitutsiyada aks etishi eʼtiborga molik.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 52-moddasida "Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi" deb begilanyapti.

Ushbu normalarning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi zamonaviy oʻzbek pedagogikasida mutlaqo yangi davrni boshlab berishi, shubhasiz.

Shu maʼnoda, joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda maktabimiz jamoasi bilan birga faol ishtirok etamiz. Zero, hech kim oʻz Vatani taqdiriga befarq boʻlmasligi lozim.

Intizor QURBONOVA,

Sergeli tumanidagi 269-umumtaʼlim maktabi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер