Oʻqituvchilar va talabalar xorijiy grant loyihalarida ishtirok etishmoqda
Foto: "Xalq soʻzi"
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudoynazar Yunusov talaba yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Ayni kunda universitetda 6000 nafarga yaqin talaba yoshlar tahsil olishmoqda. Veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar sohasi uchun mutaxassis-kadrlar tayyorlaydigan mazkur oliy taʼlim muassasasida yoshlar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar, vivariy, talabalar turar-joylari mavjud.

Joriy yilda universitetning 5 nafar talabasi nomdor davlat stipendiyalari sohiblari boʻlishdi. Universitet 94 ta xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Bir necha yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan, oʻqituvchilar va talabalar xorijiy grant loyihalarida ishtirok etmoqda.
Rektorining talabalar bilan uchrashuvi samimiy muloqot tarzida oʻtdi. X. Yunusov talabalar oʻqish davomida duch kelishi mumkin boʻlgan muammolar va ularning yechimlari borasida oʻz hayotiy tajribalari asosida gapirib berdi. Oʻquv jarayoni, ilmiy faoliyat, turarjoy va hokazo masalalarda talabalarga koʻmakchi boʻlishi lozim boʻlgan universitet masʼullari bilan tanishtirdi. Qanday muammoga duch kelganda kimga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.

Muloqot davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan mavzularda rektorga savol berishdi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash, XEMIS taʼlim platformasi va kredit-modul tizimi, talabalarning boʻsh vaqtini tashkil etish va hokazo mavzularda berilgan savollarga rektor batafsil javob berdi.
Muloqot davomida bir guruh faol talabalar universitet rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring