Oqdaryoda turizm salohiyatidan qanday foydalanilmoqda?

10:10 10 May 2021 Iqtisodiyot
993 0

M-37 avtomagistral yoʻlining 47 kilometri Oqdaryo tumani hududidan oʻtganligi mazkur hududga koʻp imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Xususan, Dahbed massivida yengil konstruksiyali 40 ta non mahsulotlari savdo shoxobchasi, 30 ta oziq-ovqat doʻkonlari, 20 ta avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi, Pichoqchi mahallasida qiymati 23 milliard soʻm boʻlgan agrologistik markaz va 3 ta xususiy klinika tashkil etish koʻzda tutilgan. Bu bilan 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

— Tumanda toʻqimachilik va trikotaj hamda farmatsevtika sanoatining ulushi ham oshib bormoqda, — dedi tuman hokimi N.Sulaymonov. — Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish boʻyicha ham chet ellik investorlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, afgʻonistonlik tadbirkorlar bilan bamiya yetishtirish va eksport qilish imkoniyati koʻrib chiqilyapti. Hozircha 15 gektar yerga sinov tariqasida ekiladi. Yetishtirilgan mahsulotni Rossiyaga eksport qilish rejalashtirilgan.

Oqdaryo tumanining Boshdarxon mahallasida joylashgan Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan «Yunusjon ahli» soyani qayta ishlash zavodida bugungi kunda soyadan toʻrt turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.

— 2017-yilda Prezidentimiz viloyatga tashrifi chogʻida korxonamiz faoliyati bilan tanishgan va uni kengaytirish, eksportbop mahsulotlar tayyorlash boʻyicha topshiriq bergan edi, — deydi korxona rahbari Furqat Obidov. — Shu asosda faoliyatimizni kengaytirib, mahsulot turlarini koʻpaytirdik. Ishlab chiqarishni Xitoy texnologiyasi asosida yoʻlga qoʻyganmiz. Mahalliy bozorda xaridorlarimiz asosan kolbasa, sosiska, umuman, goʻsht va goʻsht mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar, qolaversa, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga mahsulotlarimizni eksport qilyapmiz. Oʻtgan yili pandemiya sabab eksport hajmi 1 million 600 ming AQSH dollarini tashkil etdi.

Yetmishdan ortiq ish oʻrni yaratilgan ushbu korxonada soyani qayta ishlab soya yogʻi, chorva va parranda uchun ozuqa tayyorlanyapti. Eng muhimi, mahsulot tarkibi turli kimyoviy qoʻshilmalardan xoli, 100 foiz tabiiy.

Tumandagi «Umidjon elita» issiqxonasi 2019-yilda tashkil etilgan boʻlib, bu yerda bugungi kunda yigirmaga yaqin xotin-qiz ish bilan band.

— 5 gektardan iborat issiqxonaning 3 gektariga limon ekkanmiz, — deydi MCHJ rahbari Faxriddin Bobomurodov. — Limon koʻchatlari orasida kartoshka, piyoz, turli oshkoʻklar va sabzining Gollandiyadan keltirilgan navini yetishtiryapmiz. Yil davomida uch martagacha hosil olamiz. Hozirda mahsulotlarimizni mahalliy bozorga sotyapmiz. Kelajakda xorijga, xususan, Isroilga eksport qilish boʻyicha shartnoma tuzyapmiz.

Oqdaryo tumani ikkita katta daryo — Oqdaryo va Qoradaryo oraligʻida, har tomonlama qulay hududda joylashgan. Shu jihatda tuman bugungi kunda turizm sohasida ham oʻz imkoniyatlarini ishga solmoqda.

“Darxon baliqlari” MCHJ qoshida zamonaviy oromgoh tashkil etilgan. 3,5 gektardan ortiq hududning 1,5 gektarida joylashgan oromgoh mehmonxona, bir nechta oshxona, 2 ta choʻmilish havzasi va turli dam olish hamda koʻngilochar maskanlardan iborat.

— Avval birgina baliqchilik xoʻjaligi boʻyicha ish boshlagandik, — deydi xoʻjalik rahbari Shuhrat Roziqov. — Davlatimiz tomonidan turizmga eʼtibor berilayotgani hamda oʻz imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, Xalq bankining 5 milliard soʻm krediti va oʻz mablagʻimizdan mahalliy va xorijidan keluvchi turistlar uchun oromgoh tashkil etdik.

Hozircha oʻn beshga yaqin xodim ishlayotgan oromgoh toʻliq ishga tushsa, 60-70 kishi ishli boʻladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер