Oqava suvning ikkinchi hayoti

14:39 06 Mart 2025 Jamiyat
263 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Oʻtgan yil oxirida foydalanishga topshirilgan Yangiyer shahar oqova suv tozalash inshooti tufayli hududda hosil boʻladigan oqava suvlardan nooziq ovqat ekinlarini sugʻorishda foydalanish imkoniyati paydo boʻldi. Yaʼni endilikda mazkur inshootda oqova suvlar uch bosqichda tozalanib, ana shunday ehtiyoj uchun yaroqli holatga keltirilmoqda.

Tozalash jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilgan. Birinchi bosqichda oqava turli chiqindilardan tozalanadi. Ikkinchi bosqichda biologik amallar bajariladi. Bunda suvdagi zararli bakteriyalar zararsizlantiriladi. Soʻngra tozalangan suvning zararsizligini yanada kafolatli taʼminlash maqsadida unga xlor hamda boshqa vositalar qoʻshiladi.

— Yangi qurilgan oqova suv tozalash inshooti tufayli Yangiyer shahrining sanitar-epidemiologik holati yanada yaxshilandi, — deydi “ Sirdaryo suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Sardor Jumanazarov. — Bir kecha-kunduzda 12 ming metr kub oqava suvni tozalash imkoniyatiga ega boʻlindi. Jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan. Yana bir foydali jihat shuki, yangi inshoot yuqori energiya tejamkorlik xususiyatiga ega.

Oʻtgan yilda xuddi shunday inshoot Shirin shahrida ham foydalanishga topshirildi. Guliston shahrida qurilayotgani tez orada ishga tushiriladi. Maʼlum qilinishicha, Sirdaryo viloyatidagi 5 ta tuman markazida ham Yangiyer shahridagi kabi oqova suv tozalash inshootlari quriladi. Ayni paytda qurilish ishlari Boyovut tumanida boshlangan. Shuningdek, viloyatda ichimlik suvi taʼminotini hamda kanalizatsiya tizimini yanada yaxshilash borasida ham bir necha loyihalar amalga oshirish belgilagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер