Ona tilimiz himoyaga muhtoj
Jadid bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgʻon oinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdir. Hayhot, biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yoʻqotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zigʻir yogʻi solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak, tilning ruhini buzadur”.
Qariyb yuz yil muqaddam aytilgan bu soʻzning tasdigʻi sifatida yaqinda ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan” bloger Hojiakbar Nosirovning chiqishlarini tomosha qilish kifoya. Aktyor va shoir Erkin Bozorov xususiy bogʻchalar xususida mitti tadqiqot oʻtkazdi. Toshkent shahridagi, demakki, poytaxtdagi markaziy hudud – Mirzo Ulugʻbek tumanidagi deyarli barcha bogʻchalarga kirib chiqdi. Maʼlum boʻldiki, 99,5 foiz xususiy bogʻchalarda taʼlim jarayoni rus tilida olib borilayotgani maʼlum boʻldi. Atigi 0,5 foiz bogʻchada oʻzbek tilida. Afsuski, bu statistikani Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mutasaddilari ham tasdiqlagan. Kechirasizlar-u, sobiq tuzum davrida ham bu koʻrsatkich 99,5 foizga chiqmagan. Oʻzbeklar oʻz bolasini ruscha bogʻchaga bersa, 0,5 foiz bola oʻzbekchada taʼlim olsa... Bu nima degan gap?
Ish bilganga bir tanga, til bilganga ming tanga, deya fikrimizga eʼtiroz bildirishga shoshilmang! Endigina dunyoni taniy boshlagan bola ongini ajnabiy tasavvur bilan oʻstirish mantiqqa muvofiqmi? Agar oʻsha bolalar katta boʻlsa, ona tilini ham hurmat qiladi, uyda oʻrganib ham olaveradi, desangiz xato qilasiz. Oʻz xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilmagan odam boshqa xalqlarning tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilishi dargumon.
Ardoqli adibimiz Oʻtkir Hoshimov ham kuyunchaklik bilan bu borada oʻz fikrini bildirgandi: “Qancha koʻp tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida tush koʻradi, ona tilida yigʻlaydi... Oʻlimi oldidan onasini ona tilida yoʻqlaydi...”
Til faqatgina muloqot vositasi emas. Odam ona tilida oʻylaydi, ona tilida sogʻinadi. Oʻzbek tilining imkoniyatini yetarlicha baholay olmaydigan ayrim toifalar ham yoʻq emas. Ular oʻzlarining bu kalta fikrini turli dalillar bilan isbotlashga ham urinadi. Abdulla Qodiriy taʼkidlagandek: “Oʻzbek tili kambagʻal emas. Oʻzbek tilini kambagʻal deganlarning oʻzlari kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar!”
Yaqinda Toshkentdagi Navoiy metro bekati yonida turib, “Amir Temur”ga taksi toʻxtatdik. Birortasi olib ketmadi. “Skverga” deyilgachgina rozi boʻlishdi. Bundan xulosa qilsak, oʻzbek tilini ajnabiylardan emas, oʻzbeklarning oʻzidan himoya qilish kerak boʻlib qolmayaptimi?!
Mohira SHOUSMONOVA,
Nurafshon shahri hokimining davlat tili boʻyicha maslahatchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring