Ona tili – onadek aziz va moʻtabar
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi xiyobonda Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.
Viloyat faollari, ijodkorlar, oliy taʼlim taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda ona tilining yurt ravnaq-rivoji, xalqimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyati yuksak eʼtirof etildi.



Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov yigʻilganlarni bayram bilan qutlab, eng ezgu tilaklarini izhor etdi. Mamlakatimizda keyingi yillarda ona tilining mavqeyini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar, ayni jarayonda barkamol avlod vakillariga yaratib berilayotgan zamonaviy sharoitlar samarasi xususida toʻxtalib oʻtdi.
Teatrlashtirilgan adabiy-badiiy tadbir tashkil etilib, filolog olimlarning maʼruzalari, ona tili, Vatanni madh etuvchi sheʼr va gʻazallar tinglandi.

— Ona tili — millatning ruhi hisoblanishi bejiz emas, — deydi Fargʻona davlat universiteti professori Akbarali Sabirdinov. — Shu bois u onadek aziz va moʻtabardir. Shunday boʻlgach, ushbu qutlugʻ sana har bir taʼlim muassasasi, mehnat jamoasi va oilada bayram sifatida nishonlanishi zarur.
Tadbir davomida xiyobondagi buyuk maʼrifatparvar, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyilib, hurmat bajo keltirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring