Ona tili muallimlarining til savodxonligi sinovdan oʻtkazildi

19:15 20 Oktyabr 2023 Jamiyat
299 0

Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyat boʻlimi tomonidan tashkil etilgan “Buyuk va muqaddassan, ona tilim!» mavzusidagi tanlovning Qashqadaryo viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

— Ushbu tanlov umumiy oʻrta taʼlim maktablarining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilishi eʼlon qilingan edi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Lola Saodatova. — Nizomga koʻra, dastlab tanlovning shahar-tuman bosqichlari oʻtkazilib, oʻz hududida gʻolib boʻlgan 16 nafar ishtirokchi viloyat bosqichi gʻolibligi uchun 3 ta shart asosida bahs olib borishdi.

Dastlabki shartda ishtirokchilarning savodxonlik darajasi “diktant” asosida sinovdan oʻtkazilgan boʻlsa, ikkinchi shartda ular tomonidan tayyorlangan, tilimizdagi turli yot soʻzlar, afisha, lavha va reklama taxtalaridagi gʻaliz jumlalarni aks ettiruvchi videoroliklar koʻrib chiqilib, baho berildi.

Tanlov soʻnggi sharti esa “Oʻzbekchasi bor-ku” deb nomlandi. Mazkur shartda ishtirokchilardan kundalik muloqotda koʻp qoʻllanadigan xorijiy atamalarning oʻzbekcha muqobillarini aytish va sharhlash soʻraldi. Qatnashchi soʻzni bilet tortish orqali tanladi. Soʻz muqobili va izohning aniqligiga qarab ishtirokchiga baho qoʻyildi.

Tanlov yakuniga koʻra, birinchi oʻrin Qamashi tumanidagi 95-maktab oʻqituvchisi Nasiba Ibrohimovaga nasib etdi. Mirishkor tumanidagi 9-maktab oʻqituvchisi Hayitoy Homidova ikkinchi oʻringa loyiq koʻrilgan boʻlsa, Gʻuzor tumanidagi 44-maktab oʻqituvchisi Gulzira Sharipova uchinchi oʻrin bilan kifoyalandi.

Tanlovning barcha gʻolib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер