“Ona tili — millat koʻzgusi” nomli tadbir boʻlib oʻtdi

18:24 20 Oktyabr 2023 Jamiyat
325 0

Foto: 229-maktab matbuot xizmati

Joriy yilning 20-oktabr kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani 229-sonli maktabda Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi munosabati bilan “Ona tili — millat koʻzgusi” nomli tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda maktab oʻqituvchi hamda oʻquvchilari, shuningdek, faxriy mehmon sifatida atoqli oʻzbek adibi, oʻzbek romanchilik maktabi asoschisi Abdulla Qodiriyning nevarasi Mazlumaxon Qodiriy ham ishtirok etdi. Tadbirni ochib berish avvalida Mazlumaxon Qodiriy Oʻzbek tilining davlat tili maqomiga koʻtarilishi oson boʻlmagani, yillar silsilasidan omon oʻtgan tilimizni kelajak avlodga butunicha yetkazib berish burchimiz ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Foto: 229-maktab matbuot xizmati

— Ona tilimizning bizgacha yetib kelishida ancha odamning hissasi bor, — dedi Mazlumaxon Qodiriy. — Tilimizni asrab-avaylash uchun barchamiz harakat qilishimiz lozim. Hozirgi kunda oʻzbek tiliga boshqa tillardagi soʻzlarni qoʻshib gapirish yoki tilning sofligini faol ravishda buzish holatlari koʻp uchramoqda. Koʻp tilni bilish yaxshi, lekin oʻz tilini qurbon qilish evaziga emas.

Shuningdek, tadbir davomida maktab oʻquvchilari tilni buzib gapirayotgan, hurmatsizlarcha munosabatda boʻlgan yoshlarni gavdalantirib, sahna koʻrinishi ijro etishdi. Kuy-qoʻshiq, sheʼr hamda raqsga ulanib ketgan kecha fayzli oʻtdi. Oʻquvchilar tomonidan taqdim etilgan til haqidagi turli videoroliklar tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

Foto: 229-maktab matbuot xizmati

— Men shu maktabga kelganimda maktab toʻliq rus sinfda oʻqitilar edi — deydi shu maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi, “Xalq taʼlimi fidokori” koʻkrak nishoni sohibasi Zamira Abilova. — Yillar oʻtdi, tilimiz oʻzimizga qaytdi, u kunlarni koʻrish ham nasib etdi. Mana, hozirgi kunda maktabimiz toʻliq oʻzbek tilida oʻqitiladi. Oʻz tilimiz baribir boshqacha, axir men Alisher Navoiyni, Mirzo Boburni, Qodiriyni, Avloniy, Choʻlpon-u Fitratlarni shu tilda tanidim, shu tilda oʻqidim. Bundan ortiq sharaf bormi men uchun?! Milliy til bayramimiz barchamiz uchun qutlugʻ boʻlsin!

Foto: 229-maktab matbuot xizmati

Tadbir yakunida faol qatnashgan oʻquvchilar taqdirlanib, maktab rahbariyati tomonidan tadbirni tashkillashtirishdagi faol tashabbusi hamda koʻmagi uchun ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari Zamira Abilova, Rohila Mavlonova, Maxsuda Rustamova, Gulasal Rahmonova, Zilola Umedova hamda Zulfizar Meyliyevaga minnatdorlik bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер