Ona sirdosh, ota doʻst boʻlsin...
“Xalq soʻzi” tanloviga
Millatning koʻrki va kelajagi bu, shubhasiz, baxtli ayoldir. Murgʻak qizaloqning yetuk ayol boʻlib kamol topishida esa ota-onaning oʻrni beqiyos, albatta. Maʼnaviyatli, iboli-hayoli, irodali, saranjom-sarishta boʻlish qizi uchun eng kerakli fazilatlar ekanini anglagan ota-onaning oʻzi bu borada oʻrnak boʻlishga intiladi.
Qiz bola tarbiyasi oʻta nozik masala. Bejiz qizlarni gulga qiyos etishmaydi. Gulga ham qancha mehr bersa, shuncha yashnaganidek, qiz bola ham ota-onasi mehridan unib oʻsadi va tarbiya topadi.
Xoʻsh, oilada qiz bola dunyoga kelgach, ota-ona avvalo nimalrga eʼtibor berishi kerak? Qanday koʻnikmalar talab etiladi?
Mavzu yuzasidan mutaxassislarga murojaat qildik.
Zarnigor ASADOVA, parapsixolog:
— Qiz bolaning oilada mukammal tarbiya olishida ham ona, ham ota birdek masʼul boʻladi. Ota va qizaloq oʻrtasida sof muhabbat bir umr saqlanib qolinishi kerak. Aksariyat xonadonlarda farzandlarga qiz bola voyaga yetgach va ayniqsa, turmush qurgach, ota va qiz oʻrtasida koʻrinmas parda, masofa boʻlish kerak, deb singdirib boriladi. Aslida bu toʻgʻri emas. Sababi qiz bolada doim qizaloqlik, maʼshuqalik, bekalik va onalik kabi toʻrt turdagi energiyaga ehtiyoji boʻladi. Ayniqsa, qizaloqlarga xos erkalik qilgisi keladi. Otasining mehriga yetarlicha toʻymagan qizlar bu mehrni koʻchadan izlashga tushadi.
Qolaversa, otasi bilan rishtalari yaxshi boʻlgan qizlar boshqa bir erkak bilan oradagi munosabatni aqlan toʻgʻri baho berish xususiyatiga ega boʻladi. Shuningdek, ota mehriga toʻymagan qizlar kelajakda turmush oʻrtogʻidan otalarga xos mehrni talab qiladi. Achinarlisi, bunday qizlar oʻz farzandlariga ham yetarlicha mehr berishni uddalay olmaydilar.
Ona va qiz oʻrtasidagi rishtalar sevgiga qurilishi ular bir-biri bilan yaqin sirdosh boʻlishlari kerak. Qizlar bolalik davrlarida arzimas bir hodisalarni onasiga juda muhim sirdek ishonib aytadi. Buni jiddiy qabul qilmagan onalar qizlarining yonida kulgili bir hodisani gapirib berayotgandek begonalarga qizim menga bunday dedi, deb hazilga olib farzandi ishonib aytgan sirini fosh qilishadi.
Shu oddiygina hodisa qizlarda onani yaqin sirdosh sifatida koʻra olmaslikka olib keladi. Shuning uchun onalar qizlari bilan bolalik chogʻlaridayoq sirdoshlik, dugonalik rishtalarini mustahkamlab olishlari zarur boʻladi.
Dilorom GʻIYOSOVA, Jizzax shahar 17-umumtaʼlim maktabining amaliyotchi psixologi:
— Qiz bolaning tarbiyasi nafaqat uning oilasidagi muhitga, balki uning mahallasi, yon-atrofidagi dugonalariga qarab shakllanadi. Maktabimizda tarbiyasi ogʻirroq qizlar bilan suhbatim chogʻida shu narsa maʼlum boʻladiki, bu qizlarning onasi turmushidan ajrab, yolgʻiz farzandini tarbiyalayotgan yoki farzandini biror yaqiniga ishonib, chet elga ishlashga ketgan oilalar qizlari boʻlib chiqadi. Ularga ota-ona mehri yetishmayotgani shundoqqina sezilib turadi.
Baʼzi qizlar ota-onasi ajrashib, onasining ichish, chekish kabi zararli odatlariga ruju qoʻyganidan nolisa, yana boshqasi ota-onasini sogʻinganda ularni bagʻriga oʻzlarini ota olmasligidan shikoyat qiladi.
Shunday ekan qiz bolaning tarbiyasida, avvalo, toʻliq oilaning oʻrni beqiyos.
Karimov OLIMJON, Peshku tuman “Bobo-Arab” jome masjidi imom-xatibi:
— Qiz bola tarbiyasi oʻta nozik masaladir. Xalqimizda “Onasini koʻr, qizini ol”, degan gap bor. Bu gapning zamirida katta maʼno mujassam. Oilada qiz bola onasining yurish-turish munosabati, hunarmandligidan dars oladi, shu xislatni hayotga tatbiq etishga harakat qiladi.
Yoshlikdan qizlarni ozodalikka, shirinsuxanlikka, oʻzidan kattalarni doimo hurmat qilib borishga undash va oʻrgatish lozim. Qiz bola nomiga bir dogʻ tushsa, bu dogʻ hech qachon ketmaydi.
Paygʻambar alayhissalom: “Jannat onalar oyogʻi ostidadir” deb marhamat qildilar. Kelgusida qizlar boʻlajak ona, ardoqli uy bekasi boʻladilar. Biz qizlarimizga hayotning past-balandini, turmush qiyinchiligini yengib oʻtishlarini uqtirib oʻtishimiz shart. Har bir ona turmushga chiqayotgan qiziga u kelin boʻlib borayotgan xonadon aziz va qadrli ekanligi, qiz bola kelin boʻlib tushgan xonadoniga toshdek boʻlishini uqtirishi lozimdir.
Onalar oʻrtasida qizlar tarbiyasiga oid gap ketsa, koʻpincha “Oq qanddek avaylab, gard yuqtirmay oʻstirdim”, deyishadi.
Oq qand... Darhaqiqat, juda nozik oʻxshatish. Nozikligi shundaki, oq qandga biror gard yuqsa, uni tozalash qiyin. Gard tekkan joyini kesib yoki qirqib olib tashlash kerak. Koʻpincha esa gard tekkan qand boʻlagi mol oxuriga yoki parranda donlari orasiga tashlab yuboriladi.
Shuning uchun ham xalqimiz qiz bolaning maʼnaviy yetuk, komil inson boʻlib oʻsishi uchun alohida ahamiyat beradi. Uni “oq qanddek oʻrab, avaylab, gard tekkizmaslikka” harakat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, aslida qiz bola oʻzini mustaqil his qilishiga yordam berish, uning intilishlari va istaklarini tushunishga harakat qilish, imkon qadar boʻsh vaqtini birga oʻtkazish, oilaviy ziyofatlar, qarindosh-urugʻlarni birgalikda ziyorat qilish, u bilan iliq munosabatda boʻlish, hayotdan zavqlanish va sevimli mashgʻulotlari bilan shugʻullanishiga imkon berish, uning fikrini hurmat qilish, bir soʻz bilan aytganda, unga erkinlik berish darkor boʻladi.
Albatta, uning har bir qadamini kuzatishingiz, har qanday hodisaga oʻz nuqtayi nazaringizni tushuntirishingiz kerak. Agar qiz bola ota-onasining qoʻllab-quvvatlashini his qilsa tashqi va ichki dunyosidagi oʻzgarishlarni xotirjam va ongli ravishda qabul qilishni oʻrgandi.
Nozik xilqat tarbiyasi qanchalar mushkul boʻlmasin shu kabi masalalarga jiddiy ahamiyat berilsa, kelajakda har bir ota-ona koʻz oʻngiga baxtli ayolni koʻrishi, shubhasizdir.
Iqbol PARDAYEVA,
jurnalist.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring