Ona mutolaa qilsa, bola kitobxon boʻladi

06:38 20 Yanvar 2024 Jamiyat
1146 0

Roʻzgʻordagi sarishtalik, farzandlar kamolotidagi tugallikni ayol ishtirokisiz tasavvur etish juda mushkul. Ayniqsa, farzandini kitobga oshno etishda ona oʻrnini hech bir ustoz bosa olmaydi.

Shu bois Navoiy viloyat axborot kutubxona markazi qoshida 2022-yildan buyon “Kitobxon onalar kuni” tadbiri yoʻlga qoʻyilib, oilaviy kitobxonlik ommalashib bormoqda.

— Ushbu tadbir har oyda bir marta oʻtkazilib, unda kitobxon onalarimiz oʻzlari oila davrasida oʻqigan kitoblarining maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati, ilgari surilgan gʻoyalari xususida fikr almashadilar, — deydi Navoiy viloyat AKM direktori oʻrinbosari Shamsiya Baqoyeva. — Shuningdek, farzandlarida kitobxonlik madaniyatini qaror toptirish, ularda yot gʻoyalarga nisbatan maʼnaviy immunitetni kuchaytirish yuzasidan tajriba almashib, tavsiyalar ishlab chiqishadi.

Taʼkidlash joiz, ushbu tadbir ijodkor uy bekalari, talaba-qizlar va taʼlim faxriylarini ham oʻz atrofiga birlashtirgan. Uchrashuvda ular oʻz ijodidan namunalar oʻqishib, taassurotlarini oʻrtoqlashmoqda.

— Oilada ona kitobxon boʻlsa, farzandlar ham albatta kitobga oshno tutinadi, — deydi taʼlim faxriysi Mehri Ortiqova. — Farzandga “darsingni qil yoki kitob oʻqi”, deyish, tarbiya ham, taʼlim ham emas. Har bir ona oilada buning uchun eng avvalo, vaqt topib, farzandiga oʻzi namuna boʻlishi kerak.

“Kitobxon onalar kuni”ning navbatdagi tadbirida uni “Kitobxon onalar klubi”ga aylantirish va klubga aʼzolar safini yanada kengaytirishga kelishib olishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер