Oʻn yetti yillik xijolatpazlikka kim barham beradi?
Tasavvur qilinga, qadimiy obidalar qad rostlagan shahar boʻylab sayr qilayapsizu nogahon chiqindilar uyilib yotgan yerga koʻzingiz tushdi. Beixtiyor “Attang” deyishingiz tayin. Buxoro shahrining tarixiy qismida, aniqrogʻi, Olimjon karvonsaroyi yonboshidagi yerda bir haftacha muqaddam shunday manzarani koʻrish mumkin edi.
Surishtirib bildikki, bu yerda bir paytlar sayyohlar uchun hojatxona boʻlgan. Keyin esa kimdir shu joyda mehmonxona qurish harakatiga tushgan. Ammo yon-atrofda yashovchilar bunga norozilik bildirishgan. Shundan buyon bu moʻjazgina joy egasiz goʻshani eslatadi.
Qadimiy karvonsaroyning shundoq yonboshida mehmonxona qurilishi tartib-qoidalarga zid , albatta. Negaki, tarixiy yodgorliklarda muhofaza zonasi bor. Ular yaqinida qurilish ishlarini olib borish obidalarga xavf tugʻdiradi.
— Bu joy hududimizga qarashli, — deydi Hamid Olimjon mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sobira Joʻrayeva. — Bizda barcha mahallalarda boʻlgani kabi axlatni olib ketish “qoʻngʻiroq” tizimida yoʻlga qoʻyilgan. Ammo oʻsha hududda yashovchi ayrim fuqarolar shu joyga turli chiqindilarni tashlab, noqonuniy axlatxona yuzaga keltirishayapti. Barchamizni xijolatga qoʻyishmoqda. Biz odamlarni jalb etib hashar yoʻli bilan u yerni tozalayapmiz. Biroq oradan maʼlum bir vaqt oʻtib oʻsha noxush hol yana takrorlanayapti. 2007-yildan buyon shu muammo bor.

Biz jamoatchilik nazorati tariqasida vaziyatdan xabardor etgach, mahalla masʼullari boshchiligida bu hudud chiqindilardan tozalandi. Bir qarashda masala hal boʻlgandek. Ammo unday emas. Oradan oʻn – oʻn besh kun oʻtib, shu joy yana axlatxonaga aylanmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi.
Olimjon karvonsaroyida faoliyat yuritayotgan xalq amaliy sanʼati ustalarining fikricha, bu hududda minipark yoki kichkina zoopark barpo etilsa ayni muddao boʻlardi. Agar yon-atrofda karvonsaroydan tashqari 1562 – 1566-yillarda qurilgan Gavkushon madrasasi va minorasi, tasviriy sanʼat muzeyi joylashgani, turistlar koʻp tashrif buyuradigan maskan ekani inobatga olinsa, bu takliflar joʻyali. Negaki, shunday qilinsa, shahar mehmonlari gulzorga aylangan bu goʻshada nafas rostlab, oʻrta asr hayotini eslatib turgan noyob manzaradan bahramand boʻlishlari, unutilmas taassurotlar olishlari mumkin. Zero, birgina 2023-yilda Buxoroga bir million nafardan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ularning ancha-munchasi bu goʻshani ham tomosha qilgani kelganiga shak-shubha yoʻq.
Bular haqda bejiz toʻxtalmayapmiz. Ayrim davlatlarda tarixi nari borsa 100 – 150 yil boʻlgan osori atiqalarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashadi. Ular bilan gʻururlanishadi. Bizda esa ayrim kimsalar 500 – 600-yillik tarixga ega obidalar atrofiga axlat tashlashdan tap tortishmaydi. Shunday paytda ularga qarata “Sizda zarracha boʻlsa ham andisha, uyat bormi oʻzi?”, deging keladi. Axir, uy-joylar, koʻchalar, mahallaning toza-ozodaligiga qarab oʻsha yerda yashovchi odamlarga baho beriladi.
Aytmoqchi, yuqorida tilga olganimiz — 17 yillik xijolatpazlikka barham berilarmikan?
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring