Oltinsoyda “Uzum sayli”

19:01 10 Oktyabr 2022 Jamiyat
1276 0

Foto: Xalq so‘zi

Surxon vohasida uzum yetishtirish va uni qayta ishlash boʻyicha boy tajriba orttirilgan. Viloyatda uzumchilikka ixtisoclashgan 1 ming 100 ta fermer xoʻjaligi tashkil etilgan boʻlib, ulardan 530 tasi aynan Oltinsoy tumani hissasiga toʻgʻri keladi. Binobarin, ushbu hududning tuprogʻi, iqlim sharoiti sarxil mevalar, shu jumladan, uzum yetishtirish uchun juda ham qulay va tuman iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy drayverlaridan biri ham uzumchilikdir. Ayni omillar sabab ilk bora Oltinsoyda “Uzum sayli” festivali oʻtkazildi.

Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda uzumning besh mingdan ortiq turi mavjud. U qadim-qadimdan shifobaxsh neʼmat sifatida qadrlangan. Buyuk ajdodimiz Ibn Sino uzumning xom va pishgan mevasi bilan koʻplab kasalliklarni davolagan. Ayrim kasallarni davolashda uzum sharbati, bargi va sirkasidan foydalanilgan. Poyasidan efir moyi olingan.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 10 ming 790 gektardan ortiq yerda uzumzorlar mavjud. Viloyatda quvvati 12 ming 500 tonna boʻlgan 9 ta uzumni qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 5 tasi Oltinsoy tumanida joylashgan boʻlib, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida ushbu korxonalarda 1 ming 900 tonna uzum qayta ishlandi.

Viloyatda uzumchilikni yanada rivojlantirish, sohibkorlarni ragʻbatlantirish, shuningdek, oʻzaro tajriba almashish, tumanning turizm salohiyatini keng namoyish etish maqsadida oʻtkazilayotgan festival doirasida “Eng shirin uzum-2022”, “Eng mazali uzum sharbati-2022”, “Eng katta bosh uzum-2022”,“Eng shirin mayiz-2022” nominatsiyalari boʻyicha koʻrik-tanlov tashkil etildi.

— Joriy 7-iyul kuni Prezidentimiz raisligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda ekoturizmni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgandi. Unda yurtimizda uzumchilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligi taʼkidlanib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Festival tadbirlari viloyatimizda ayni shu boradagi yutuq va natijalarni sarhisob qilish uchun yaxshi imkoniyat, albatta. Shu paytgacha vohada 70 foiz xoʻraki, 20 foiz kishmish va 10 foiz sanoatbop uzum navlari parvarishlangan boʻlsa, endilikda «Mers, «Rizamat ota», “Kelin barmoq”, “Qora goʻzal”, “Charos” kabi navli uzumzorlarni kengaytirish, moʻl hosil olishga qiziqish ortib bormoqda. Joriy yilda vohamizda 1 ming 200 gektardan ortiq maydonda yangi uzumzorlar barpo etilgani bunga yaqqol dalildir, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Usmon Turopov.

Festival davomida Oltinsoy tumanidagi uzumchilikka ixtisoslashgan «Xushbekjon Sohibkor dalasi» hamda «Hafizullo Oʻrolov» fermer xoʻjaligida jurnalist va blogerlar uchun press-tur uyushtirildi. Ishtirokchilar bogʻbonlar bilan suhbatlashib, uzum yetishtirish, uni quritish, mayiz tayyorlash jarayonlari yaqindan tanishishdi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер