Olovli yillar qahramonlari xotirasiga bitilgan madhiya

13:08 14 Aprel 2025 Jamiyat
273 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Dunyoni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushini eslash ogʻir. Uning changali yetib bormagan oilani topish ham mushkul. Insoniyat erki, ozodligi yoʻlida jon fido etgan insonlar xotirasini yod etish esa avlodlarning muqaddas burchidir. Buxoro davlat musiqali drama teatrida Rossiya Federatsiyasi Oltoy oʻlkasi badiiy filarmoniyasi tomonidan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 80-yilligiga bagʻishlab namoyish etilgan badiiy-musiqiy dastur tarbiyaviy jihati bilan ham ahamiyatli boʻldi.

— Garchi, urush dahshatlari Oʻzbekistondan ham, Oltoydan ham minglab kilometr olisda roʻy bergan boʻlsada, uning azob-uqubatlari, fojiasi bu yurtlarni chetlab oʻtmadi, — deydi tadbir ochilish marosimida soʻz olgan Oltoy oʻlkasi madaniyat vaziri Yelena Bezrukova. — Minglab yigitlar frontga otlanishdi. Behisob qurbonlar boʻldi. Xalqlarimiz mehnat frontida fidoyilik koʻrsatdi. Oʻzbek xalqi urush borayotgan joylardan evakuatsiya qilingan qariyalar, ayollar, bolalarni oʻz bagʻriga oldi. Konsert dasturimizda buyuk gʻalaba yoʻlida jon fido etganlarning qahramonligi oʻz ifodasini topgan. Sanʼatkorlarimizni juda iliq qarshi olishgani uchun buxoroliklarga minnatdorlik bildiramiz. Ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalar rivojlanayotganidan mamnunmiz.

Oltoy oʻlkasi badiiy filarmoniyasi qoshidagi “Ogonki” ansambli ijrosidagi milliy kuy va raqslar, Ingushiya Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Ruslan Buxansev tomonidan kuylangan urush yillarining mashhur qoʻshiqlari, shuningdek, Buxoro viloyati “Buxorocha”, “Mavrigi” ansambllari chiqishlari olqishlar bilan kutib olindi.

— Xalqimizning boshqa millat vakillari qatori fashizmni yengishga, gʻalaba onlarini yaqinlashtirishga qoʻshgan hissasini unutib boʻlmaydi, — deydi tomoshabinlardan biri, mehnat faxriysi M. Ergasheva. — Bugungi konsert dasturiga kelsak, unga “Olovli yillar qahramonlari xotirasiga bitilgan madhiya” deya taʼrif bergan boʻlur edim. Zero, xalqlarimizni umumiy tarix birlashtirib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер