Olmon qizi Yula buxorolik tengdoshlari bilan Germaniyada koʻrishish niyatida

18:19 12 Oktyabr 2023 Jamiyat
613 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Germaniyaning Aaxen shahri yuqori malakali muhandislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan Texnika universiteti hamda gimnaziyalari, muzeylari bilan tanilgan. Mazkur kentning toʻrt nafar pedagog va 15 nafar oʻquvchisidan iborat delegatsiya bir necha kun davomida Buxoro shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida boʻlib, milliy taʼlim tizimimiz bilan yaqindan tanishdilar. Bu pedagog va oʻquvchilar almashish loyihasi doirasida amalga oshirildi.

— Oʻzbekistonga ikkinchi marta kelishim, — deydi loyiha koordinatori Uta Shtaynel. — Har gal xalqingizning mehmondoʻstligi, samimiyati, doʻstona munosabati meni hayratga soladi. Taʼlim tizimiga kelsak, ular oʻrtasida maʼlum bir tafovutlar bor. Bizda, deylik, fransuz tilida tahsil olgan oʻquvchi albatta, Fransiyada boʻlib, bilimini yanada mustahkamlaydi. Biz mamlakatingiz oʻquv muassasalari bilan hamkorlik qamrovini kengaytirish niyatidamiz. Shu maqsadda Buxoro davlat universitetida ham boʻlib, hamkorlik aloqalari yuzasidan fikrlashib oldik. Yangi loyihalarni amalga oshirish umididamiz.

Eʼtiborlisi, germaniyalik oʻquvchilar Buxorodagi 15 ta xonadonda istiqomat qilib, koʻplab doʻstlar orttirdilar.

— Gimnaziyaning 9-sinfida oʻqiyman, — deydi oʻzini Yula Paul deya tanishtirgan aaxenlik oʻquvchi. — Biz tengdoshlarimiz oilalarida yashab, oʻzbekona turmush tarzi bilan yaqindan tanishdik, milliy pishiriqlar tayyorlashni oʻrgandik. Buxoroning qadimiy yodgorliklarini tomosha qildik. Tengdoshim Shahrizoda Abdurahmonova bilan doʻstlashdik. U bilan endi Germaniyada uchrashish niyatidaman.

Yulaning buni alohida taʼkidlashi bejiz emas. Maktab 2000-yildan buyon Germaniya taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Buxorolik oʻquvchilar va ularning ustozlari koʻp bor olmon yurtida boʻlib, u yerdagi taʼlim tizimi bilan yaqindan tanishishgan, bilimlarini mustahkamlashgan.

Maktab direktorining xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha oʻrinbosari Oliya Hotamovaning taʼkidlashicha, ayni damda bilim dargohida oʻn nafar nemis tili oʻqituvchisi faoliyat koʻrsatmoqda. Maktabning 800 nafardan koʻproq oʻquvchisi nemis tilini chuqur oʻrganmoqda. Bu yerda 7-sinfdan boshlab oʻgʻil-qizlar ingliz tilidan ham saboq olishyapti.

— Davlatimiz rahbarining yaqinda Germaniyada boʻlishi, ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga oid qator kelishuvlarga erishilgani biz, taʼlim sohasi vakillarini ham behad xursand qildi, — deydi maktab direktori Zamira Rajabova. — Biz uzoq yillardan buyon Germaniya oʻquv muassasalari bilan taʼlim sohasida hamkorlik qilib kelyapmiz. Bu muassasamizda nemis tilini oʻrgatish samaradorligini oshirishga xizmat qilyapti. Chunonchi, oʻquvchilarimiz ushbu xorijiy tilda emin-erkin gaplashish koʻnikmalariga ega boʻlishmoqda. Taʼlim sohasidagi hamkorligimiz samarasi sifatida maktabimizga ulugʻ nemis dramaturgi, faylasufi Fridrix Shiller nomi berilgan.

Yuqorida nemis oʻquvchisi Yula oʻz doʻsti Shahrizoda bilan endi Germaniyada uchrashish niyatida ekanligi haqida yozdik. Uning niyati, albatta, amalga oshadi. Oʻzaro kelishuvga muvofiq, kelgusi yilning bahorida 4-IDUM oʻquvchilarining bir guruhi ustozlari rahbarligida Germaniyada boʻladilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер