«Olmaota — Samarqand — Olmaota» yoʻnalishida muntazam aviaqatnov yoʻlga qoʻyildi
Bugun, 9-iyun kuni Samarqand xalqaro aeroportida “Air Astana” aviakompaniyasining «Olmaota - Samarqand - Olmaota» yoʻnalishidagi birinchi aviaqatnovi yoʻlovchilarini kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Qozogʻistonning Olmaota shahridan KS121 raqami ostidagi reys bilan uchgan Aerobus 321 rusumli samolyot Toshkent vaqti bilan 16:15da Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Anʼanaga muvofiq, havo kemasi oʻt oʻchiruvchi mashinalari yordamida hosil qilingan sunʼiy suv arkasi tagidan oʻtib, toʻxtash joyiga keldi.
Tadbirda Qozogʻistonning Samarqanddagi bosh konsulxonasi va “Air Astana” aviakompaniyasi vakillari, Samarqand viloyati hokimligi, viloyat turizm va sport boshqarmasi masʼullari, jurnalistlar ishtirok etishdi.
Unda Qozogʻistonning Samarqanddagi konsuli Arsen Abdraxmanov va viloyat hokimi oʻrinbosari, turizm va sport boshqarmasi boshligʻi Botir Nurullayev ishtirokida ramziy yoʻl lentasini kesish marosimi boʻlib oʻtdi. Soʻzga chiqqanlar, yangi aviayoʻnalish ikki davlat va qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yana-da mustahkamlab, turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.
Shundan soʻng, tadbir tashkilotchilari tomonidan havo kemasi ekipajiga esdalik sovgʻalar topshirildi.
Maʼlumot uchun, joriy yilning 8-iyun kuni “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan «Samarqand - Olmaota - Samarqand» yoʻnalishida yoʻlga qoʻyilgan aviaqatnovning birinchisi amalga oshirilgan edi. Milliy aviakompaniya tomonidan Qozogʻistonga haftaning har seshanba va shanba kunlari parvoz amalga oshirilmoqda. “Air Astana” aviakompaniyasi esa haftaning har chorshanba va yakshanba kunlari oʻz reyslarini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring