Olimpiya oʻyinlarini orzulagan yosh qilichboz

17:28 22 Aprel 2025 Jamiyat
225 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Davlatobod tumanidagi 52-umumtaʼlim maktabining 9-sinfida tahsil olayotgan Muhammadali Zokirov nafaqat aʼlo baholarga oʻqishi, balki sportning qilichbozlik turiga kuchli ishtiyoqi bilan ham tengdoshlari orasida ajralib turadi.

Uning ushbu mashgʻulot bilan shugʻullana boshlaganiga toʻrt yildan oshdi. 15 yoshli iqtidorli sportchi shu vaqtga qadar respublika miqyosida oʻtkazilgan 30 dan ortiq musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. 2024-yilda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida esa faxrli uchinchi oʻrin bilan ota-onasi va ustozlarini xursand qildi. Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida bir necha bor tayyorgarlik mashgʻulotlarida ishtirok etgan yosh sportchi ayni paytda joriy yilning yoz oylarida Gruziyada oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda.

— Toqqa chiqqan choʻqqini koʻzlaydi, — deydi M. Zokirov. — Asosiy maqsadim — 2028-yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish. Orzum amalga oshsa, xalqaro maydonda yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, Oʻzbekiston sporti dovrugʻini jahonga yoyishga oʻz hissamni qoʻshaman.

Niyating yoʻldosh boʻlsin, boʻlajak olimpiadachi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер