Oliy sudning odil sudlovidan xalq rozimi?
Xonobod shahrida yashovchi Hamidjon Abdusalomov 2007-yili 2 dona ov miltigʻini huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga oʻz ixtiyori bilan topshirdi-yu, boshi baloga qoldi. Oxir oqibat umrining besh yilini jazoni oʻtash idoralarida oʻtkazdi.
- Vaholanki, aybsiz edim,-deydi fuqaro,-biroq, oʻsha paytda buni isbotlashning imkoni boʻlmadi. Hammasiga qoʻl siltab, taqdirimga tan berib yurganimda hukumatimizda sud sohasida shaffoflikni taʼminlash borasida qilinayotgan ishlar oʻzimning aybsiz ekanligimni isbotlashga umid berdi.
Hamidjon Abdusalomov tafsilotlarni varoqlarga bitib, poytaxtga – Oliy sudga hozirlik koʻrib turgan bir paytda Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov boshchiligidagi ishchi guruhning oʻzi Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Bir necha kundan buyon davom etayotgan qabullarda fuqarolarning sud-huquq sohasidagi muammolariga yechim izlanmoqda.
- Respublikamizda murojaatchilar manfaatlarini himoya qilish, buning uchun eng avvalo, ularga qulay sharoit yaratish borasidagi ishlar natijasida yechimini kutib turgan koʻplab muammolar joyida barham topmoqda,-deydi Andijon viloyat sudi raisining oʻrinbosari Shoyadbek Mirzayev. -Andijon, Xonobod shaharlari, Asaka, Marhamat, Buloqboshi, Xoʻjaobod, Jalaquduq va Qoʻrgʻontepa tumanlari aholisi uchun tashkil etilgan qabulda jami 633 nafar fuqarolar murojaati tinglandi. Ularning aksariyati fuqarolik masalalarida boʻlib, koʻplab murojaatlar joyida qanoatlantirilgan boʻlsa, ayrimlari ijro uchun yoʻnaltirildi. Quvonarlisi, ikki kunlik qabul davomida 101 nafar sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etilgan boʻlsa, ajralish arafasida turgan 31 ta yosh oilalar yarashtirildi. Murojaatchilar, shuningdek, tadbirkorlik, moddiy taʼminot, oylik maoshlarini undirish kabi oʻnlab turdagi soʻrovlarga ham ijobiy javob oldilar.
Har qanday qabul eng avvalo, murojaatchini minnatdor qilmogʻi kerak. Fuqaro yechimini kutib turgan muammosiga ijobiy yechim topganidagina bu qabuldan rozi boʻladi. Qoʻrgʻontepa shahridagi “Navroʻz” MFYda istiqomat qiluvchi Abdulbosiddin Ahrorov ham sud faoliyatidan xursand.
- Ancha yillardan buyon ikkinchi tomondan pul mablagʻimni undirish va oʻzim qurishda ishtirok etgan binoning menga tegishli qismini ajratib olishga doir masalam yechimsiz qolib kelayotgandi,-deydi fuqaro. –Oliy sud raisi boshchiligidagi murojaat davomida soʻrovim atroflicha oʻrganib chiqildi va fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa tuman sudi tomonidan javobgardan pul mablagʻimni undirish va binoning oʻzimga tegishli qismiga egalik qilish huquqini tiklash haqida qaror chiqdi. Respublikamizda odil sudlovni taʼminlashda sezilarli natijalar yuzaga chiqayotganidan mamnunman!
Darvoqe, tadbir davomida qabul qilingan aksariyat murojaatlar Sayyor sud tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqildi. Oliy sudning viloyatdagi qabullari davom etmoqda.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring