Oliy sud Plenumi majlisi

09:25 22 May 2018 Siyosat
3956 0

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan tadbirda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jamiyatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, fuqarolarning sudga murojaat qilish, sud orqali himoyalanish huquqlarini yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, joriy yilning 1 aprelidan e’tiboran yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks va Iqtisodiy protsessual kodeksi amalga kiritilgani jamiyatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Dunyoning taraqqiy topgan davlatlari amaliyotini chuqur o‘rganish hamda islohotlar jarayonida to‘plangan boy tajribamiz asosida ishlab chiqilgan ushbu hujjatlar odil sudlov samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini zamonaviy mexanizmlar orqali kafolatli himoya qilish, sudlar faoliyati shaffofligi hamda ochiqligini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi.

Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 14 maydagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu Konsepsiya xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda va Harakatlar strategiyasiga ko‘ra, jinoyat hamda jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning mutlaqo yangi ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan.

O‘z navbatida, aytib o‘tilgan qonun hujjatlarini sudlarda bir xilda qo‘llash, bu borada yagona amaliyotni shakllantirish — Oliy sud Plenumining tegishli qarorlarini qabul qilishni taqozo etayotgan edi. Shu asosda Oliy sud ishchi guruhi tomonidan sud amaliyoti chuqur o‘rganildi hamda qator qarorlar loyihalari ishlab chiqildi. Xususan, “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan sudlar e’tibori, protsessual normalarga rioya qilmaslik taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar huquqlari buzilishiga olib kelishini inobatga olgan holda, fuqarolik ishlarini ko‘rishda fuqarolik protsessual qonun normalariga qat’iy rioya qilish zarurligiga qaratilmoqda.

“Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasi esa sudlar e’tiborini ma’muriy ishlarni yuritish bo‘yicha protsessual qonun normalariga qat’iy rioya etish, ularni ko‘rib chiqish sifatini yaxshilash, har bir ish bo‘yicha qonuniy hamda asoslantirilgan qaror qabul qilish muhimligiga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda, shuningdek, yana bir qator qaror loyihalari muhokamadan o‘tkazildi.

Plenum majlisida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Zokir XUDOYSHUKUROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер