Oliy Majlis Senatida mamlakatda barqaror epidemiologik vaziyatni taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi

12:48 03 Aprel 2026 Jamiyat
467 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bugun, 3-aprel kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitalarining ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mazkur yigʻilishda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, Fanlar akademiyasi hamda boshqa qator idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Muhokamalar davomida mamlakatda barqaror epidemiologik vaziyatni taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi qonun hujjatlari ijrosini oʻrganish va takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, bugungi kunda dunyoda epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolayotgani qayd etildi. Xususan, oʻta xavfli infeksiyalar — oʻlat, vabo va kuydirgi kabi kasalliklar, shuningdek yangi virusli tahdidlar global miqyosda jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Yaqin oʻtmishdagi COVID-19 pandemiyasi esa biologik xavfsizlik masalalarining naqadar dolzarb ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Mutaxassislar tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasida tabiiy oʻchoqli infeksiyalar faolligi saqlanib qolmoqda. Shu jihatdan Oʻzbekiston hududidagi tabiiy oʻchoqlar, xususan Qizilqum va Ustyurt hududlari alohida eʼtibor talab qiladi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Shu munosabat bilan epidemiologik nazoratni kuchaytirish, tizimli monitoring va profilaktika choralarini takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Bundan tashqari, biologik xavfsizlikni taʼminlashda davlat organlari oʻrtasidagi muvofiqlashgan hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Xususan, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiyaning oʻzaro muvofiqlashgan harakati mamlakat bioxavfsizligi tizimining samaradorligini taʼminlashi alohida koʻrsatib oʻtildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Yigʻilish yakunida ishchi guruh aʼzolarining fikr-mulohazalari va takliflari eshitilib, ular asosida kelgusidagi vazifalar belgilandi hamda oʻrganishning qoʻshimcha tashkiliy masalalari yuzasidan ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?