Oliy Majlis Senati Raisi Toshkent viloyati aholisi bilan muloqot qildi
Senat Raisi joriy yil 25-mart kuni Toshkent viloyatining tumanlarida ham aholi bilan muloqot oʻtkazdi. Dastavval viloyat hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, kasaba uyushmalari faollari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Unda ishtirokchilarga referendum, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, unga kiritilayotgan yangi modda va normalar haqida sodda tilda batafsil tushuntirishlar berildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatini berish, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilanayotgani, bularning barchasi, davlat hokimiyatida hisobdorlik, shaffoflik, samarali qaror qabul qilish va uning natijadorligini oshirishga xizmat qilishi aytib oʻtildi.
Yuqori Chirchiq tumanida mahalliy Kengash deputatlari, kasaba uyushmalari va xotin-qizlar faollari, mahalla fuqarolar yigʻinlari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilib, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi.
Tumanning “Maʼrifat” mahallasi hududida joylashgan “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlash markazi” faoliyati bilan tanishildi, markaz tinglovchilari bilan muloqot oʻtkazildi. Senat Raisi Qibray tumanining “Nurafshon” mahallasida tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar boʻlimi huzuridagi “Xotin-qizlarni oʻqitish va qoʻllab-quvvatlash markazi” faoliyati bilan tanishdi, tumanning “Yangiobod” mahallasi hududida tashkil etilgan “Kanishka” toʻqimachilik korxonasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar bilan ham suhbatlashdi.
Mazkur muloqotlarda Bosh Qomusimizga kiritilayotgan normalar, ularning ahamiyati bosh mavzu boʻldi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilayotani taʼkidlandi. Jumladan, Konstitutsiya ekologik huquqlar, sogʻliqni saqlash, ayollar va erkaklar tengligi, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, Internetdan foydalanish, shaxsga doir maʼlumotlar himoyasi, oliy taʼlim, bepul yuridik yordam olish, uy-joyga ega boʻlish, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi normalar bilan toʻldirilayotgani aytib oʻtildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring