Oliy attestatsiya komissiyasi ilmga ko‘makchimi yoki to‘g‘anoq?
Dolzarb mavzu
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi “Ilg‘or texnologiyalar markazi”da o‘tkazilgan davra suhbatida akademiklar, doktorantlar, professor o‘qituvchilar, davlat tashkilotlari xodimlari hamda ekspertlar guruhi ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyati tanqidiy taxlil qilindi. Taxlillar magistratura ta’limini modernizatsiyalash bo‘yicha davlat siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga to‘siqnlik qiladigan va iqtidorli yoshlarni fan sohasidan ketishiga sabab bo‘layotgan qator muammolar va tizimli kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi
Oliy attestatsiya komissiyasi dissertatsiyani himoya qilishning barcha bosqichlarini tartibga solib, ilmiy kengashlarning mustaqil faoliyat yuritishiga imkon bermayapti. Dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablarning jahon talablariga mos emasligi ilmiy ishlar saviyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tavsiya qilinayotgan loyiha esa aspirantura tizimini jahon amaliyotiga moslashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda ilmiy va ta’lim muassasalariga mustaqillik berish, ilmiy ishlarning sifatini oshirish, shuningdek, sanoatni rivojlantirishga hissa qo‘shuvchi oliy toifali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.
Hozirda ilmiy ishlarning sifatini baholashi kerak bo‘lgan ilmiy kengashlar ikkinchi darajali aahamiyatga ega bo‘lib qolgan. Oliy attestatsiya komissiyasi himoya oldidan avtoreferat va dissertatsiyalarni (nizomga zid ravishda) tekshirish, ularni chop etishga ruxsat berish, Kommissiya byulletinida mavzularni e’lon qilish, imtihonlar topshirishga ruxsat berish, himoya kunini belgilash, ilmiy seminarlar tarkibini tasdiqlash vakolatiga ega.
Yangi qoidalarga binoan, ilmiy tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalari ilmiy kengashlari ushbu funksiyalarni mustaqil ravishda bajarishlari nazarda tutilgan.
Doktoranturaning mavjud konsepsiyasi iqtisodiyot va ishlab chiqarishning turli sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni shakllantirishga qaratilmagani, faqatgina ilmiy xodimlar ro‘yxatini to‘ldirish uchun xizmat qilgani bois, uning faoliyati mamlakatimizning innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar sifatining pastligi milliy tadqiqotlarning chop etilish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yangi loyihada sanoatga yo‘naltirilgan dasturlarning yangi tizimini kiritish nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra tadqiqotchiga ikkita rahbar tayinlanadi – ulardan biri sanoat vakili bo‘lib, ilmiy ishning mavzusi ishlab chiqarishning ilmiy jihatdan muayyan yechimiga qaratiladi.
Yetakchi xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qoniqarsiz ekani yurtimiz ilm-fan rivojiga jiddiy to‘sinlik qilmoqda.
Yangi loyihaga ko‘ra jahon (Yevropa davlatlari, Qozog‘iston) tajribasiga tayangan holda qo‘sh diplom (double degree) tizimi joriy qilish nazarda tutilgan. Bunda doktorant 6 oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatda xorijiy OTMda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda PhD diplomi ikkala universitet tomonidan ham beriladi.
Ta’kidlash joizki, ilmiy ishlardagi sifat ko‘rsatkichi — iqtibos indeksi qo‘shni davlatlarnikiga qaraganda ancha past. Bitta e’lon qilingan ilmiy maqoladan iqtibos olish miqdori O‘zbekistonda (0,37)ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar Rossiyada (0.54), Ukrainada (0,61), Ozarbayjonda (0,89), Belorussiyada (0,94)ga teng. Yurtimizdagi 2,5 ming nafar fan doktorlarining atigi 300 nafarigina “Xirshi” iqtibos indeksiga ega, ulardan 32 nafaridagina bu indeks ko‘rsatkichi 5 dan ortiq. Vaholanki, Yevropa mamalakatlarida PhD ilmiy darajasiga ega olimlarning o‘rtacha iqtibos ko‘rsatkichi 5 ni tashkil etadi, professor nomini olish uchun esa indeks ko‘rsatkichi 12–18 ga teng bo‘lishi kerak.
Skopus (Scopus) ilmiy maqolalar ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2016 yili O‘zbekistondagi iqtibos keltiriladigan maqolalar soni 575 tani tashkil etgan. Qozog‘istonda xuddi shu ko‘rsatkich 3066 ta. Shuningdek, har million kishi hisobiga ilmiy maqolalar O‘zbekistonda 18 taga to‘g‘ri kelsa, bu ko‘rsatkich Ozarbayjonda 91, Qozog‘istonda 170, Belorussiyada 189, Ukrainada 227 va Rossiyada 509 tani tashkil etadi.
Shu bois ham jahonda qabul qilingan standartlarga rioya qilgan holda ilmiy ishlar ustida ishlash, mavzular tanlash, maqolalar yozish vaqti kelmadimikan?
Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring