Oʻksik koʻngillarga shodlik ulashildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidagi nogiron bolalar internat uyida Fotima-Zuhra ismli siam egizaklari istiqomat qiladi. Bugun ular shu qadar quvonchga toʻldilarki, xursandchilikdan sheʼr, qoʻshiq ijro etibgina qolmasdan, boshqa tarbiyalanuvchilar bilan birgalikda raqsga ham tushdilar. Boisi, bu yerga 3-dekabr – Xalqaro Nogironlar kuni oldidan mehmonlar tashrif buyurdi.
– Maʼlumki, BMT Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktyabrdagi qaroriga binoan har yili 3-dekabr muhim sana sifatida nishonlanadi,– deydi Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi katta inspektori Oyista Abdurahmonova. – Sana munosabati bilan jamoamiz bugun ushbu maskanga tashrif buyurdi. Bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik, ularning yutuqlarini turdosh manzillarga targʻib qilish, muammolari boʻlsa, amaliy yordam koʻrsatishni ixtiyor etdik.
Majburiy ijro byurosi xodimlari bu yerda tarbiyalanayotgan 4 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 286 nafar tarbiyalanuvchilarga esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
– Nafaqat bolajonlar holidan xabar oldik, balki tarbiyachilarning ham koʻnglini koʻtarishni, ularni maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni burchimiz, deb bildik,– deya davom etadi O. Abdurahmonova. – Ular zimmasiga juda katta masʼuliyat yuklangan. Tasavvur qiling, bu yerdagi koʻplab bolajonlar bir umr toʻshakka mixlanib qolganlar. Ularni yuvintirish, kiyintirish, ovqatlantirish, muolajalarini olishlariga yordam berish, amaliy mashgʻulotlardagi ishtirokini taʼminlash shu maskanda mehnat qilayotgan opa-singillarimizdan sabr-toqat, kuch va matonatni talab etadi. Oʻz roʻzgʻoridan, oʻz farzandlari tarbiyasidan ortib, shu yerda nogiron bolalarni kechani kecha, kunduzni kunduz demay parvarish qilayotgan bu jamoaga har qancha taʼzim qilsak, arziydi.
Mehr-muruvvat tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida boʻlib oʻtmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring