Oilaviy qadriyatlar – bebaho meros

15:22 16 May 2022 Jamiyat
1323 0

Foto: Халқ сўзи

Xorazm viloyat musiqali drama teatrida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasi” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. “Farovon oila sari” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu tanlovda barcha shahar va tumanlardan el ichra har tomonlama eng ibratli deb topilgan oilalar ishtirok etdi.

Belgilangan shartlar boʻyicha bilim va mahoratini, hayotiy tajriba va salohiyatini namoyish etgan ishtirokchilar orasidan gʻoliblarni aniqlash hakamlar hayʼati uchun oson kechmadi. Shunday qilib, 1-darajali diplom bilan Xiva tumanidan Xudoyberganovlar oilasi, 2-darajali diplom bilan Gurlan tumanidan Bozorboyevlar oilasi va 3-darajali diplom bilan Yangiariq tumanidan Qurbonovlar oilasi taqdirlandi.

— Ushbu koʻrik-tanlov 2022-2026-yillarda mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan Milliy dastur ijrosi doirasida tashkil qilindi, — deydi Xorazm viloyat hokimi oʻrinbosari - viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Gulsara Qurbonboyeva. — Maqsad umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etishda jamiyatimizdagi ibratli oilalarning ishtirokini faollashtirishga qaratilgan. Ota-onalarning farzand tarbiyasidagi masʼuliyatini yanada oshirish, yosh avlodni Vatanga sadoqat, xalqimizning koʻp asrlik qadriyatlariga hurmat qilish ruhida tarbiyalashda bunday tadbirlar muhim ahamiyatga ega.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер